263 28/06/2024

Moskva oblastidagi “Горки Парк” turar-joy majmuasidagi xonadon egalari olti oydan ortiq vaqt davomida o‘z kvartiralariga ko‘chib o‘ta olmayotgani, hali egalariga topshirilmagan uylarda migrantlar yashayotgani haqida “Baza” telegram kanali xabar chiqarmoqda. 

Xabarda yangi uylarda yashayotgani uchun migrantlar aybdor sifatida talqin qilingan. Muhojirlar hali egasiga topshirilmagan kvartiralarda yashayotgani aniqlangan holatlar haqidagi xabarlar oz emas va deyarli barcha xabarlarda quruvchilar aybdor deb topiladi. Quruvchi migrantlarga xonadonlarda yashashlari uchun ruxsat berayotgan ish beruvchilar hisobga olinmaydi.

Migrant.uz muxbiri shunday yangi uylarda yashab kelayotgan asli o‘zbekistonlik bo‘lgan quruvchilardan biri bilan suhbatlashdi. Behzod U. (ismi o‘zgartirilgan)ning aytishicha, quruvchilarga yangi kvartiralarda yashashni ish beruvchi nomidan “brigadir” taklif qiladi. Aniqroq aytilsa, migrantlar ayrim holatlarda shunga majbur ham bo‘ladi. Hozir kun uzaygani uchun ish vaqtini ish beruvchilar cho‘zib qo‘ygan. Natijada quruvchilar obyektda ko‘p ushlanib qolmoqda. Boshqa joyda yashaydigan muhojirlarga ishdan ketib, ertasi kuni ishga qaytishlari qiyinlashmoqda.

  • Ish beruvchi qo‘shimcha xarajatlarni to‘lamaydi. Buning o‘rniga rahbariyat bepul ravishda obyekt yonida yashashni taklif qiladi. Agar yo‘q o‘zim boshqa joyda yashayman desangiz ishga vaqtida kelmaganingiz yoki ishdan erta ketganingiz uchun oylikdan ushlab qoladi, ya’ni ish vaqtini uzaytirib qo‘yganini shunday bepul yotoq hisobiga qoplab berishadi, deydi Behzod U.

Qish mavsumida esa ish beruvchi sovuq havoda ham ishchilarni me’yordan ortiq ishlatadi. Sovuqda qolganidan shikoyat qilgan ishchilarga uyga ketish o‘rniga isinib olish uchun yangi kvartiralarga kirish taklif qilinadi. Agar muhojirlar bunga rozi bo‘lmasa yoki muzlagancha ishlashda davom etishi yoki ishdan ketishi lozim.

Biroq holatning bu tarafi ommaviy axborot vositalarida yoritilmaydi. Muhojirlar mahalliy aholining yangi uylarini egallab olgandek ma’lumot beriladi. Ularni noinsoniy sharoitlarda ishlashga majburlayotgan quruvchi firmalar e’tiborga olinmaydi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya