
2024-yil mart oyida «Crocus City Hall»da sodir bo‘lgan teraktdan keyin Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari Rossiyada ko‘p zulm va nohaqlikka duch kelmoqda. Bu haqda «Qo‘rquv va haqorat ostida hayot» nomli hisobotda xalqaro huquq himoyasi tashkiloti Human Rights Watch (HRW) xabar bermoqda.
Hisobotda, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari Rossiyada qattiq ma’muriy cheklovlarga, etnik ajratishlar va huquqni muhofaza qilish organlari, millatchi guruhlar hamda oddiy shaxslar tomonidan ta’qibga uchragani ta’kidlanadi.
«Crocus City Hall»ga hujumdan so‘ng Rossiya hukumati bosimni kuchaytirib, jamiyatda irqiy va antimigrant kayfiyatlarini qo‘zg‘ashni boshladi. Rossiya hukumati ksenofobiyaning har qanday ko‘rinishini, shu jumladan davlat idoralari xodimlari tomonidan sodir etilganlarini ham qoralashi va migrantlarning huquqlarini to‘liq himoya qilish bo‘yicha ish olib borishi kerak», – deyiladi hisobotda.
Huquq himoyachilari Rossiya iqtisodiyoti migrantlarga juda bog‘liqligini eslatib o‘tgan. Shuningdek, Rossiyaning Ukrainda urush boshlashi bilan ultranatsionalistlarning yangi avlodi paydo bo‘lgani va ular tomonidan Markaziy Osiyodan kelgan erkaklarga nisbatan hujumlar amalga oshirilayotganini qayd etgan.
Shuningdek, Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar va Rossiya fuqaroligini olgan sobiq muhojirlar oddiy rossiyaliklarga nisbatan ko‘proq harbiy safarbarlikka jalb qilinayotgani, ko‘p holatlarda ular keyinchalik deport bilan tahdid qilinayotgani, huquqiy asossiz hibsga olishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.
«Human Rights Watch o‘z tadqiqot natijalarini Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Rossiya hukumatlariga taqdim etdi. Biroq hisobotni faqatgina Qirg‘iziston hukumati e’tiborga olib, munosabat bildirdi», – deyiladi HRW bayonotida.