
Rossiyada migrant bolalar, jumladan, ularning rus tilini bilishi ustidan nazorat kuchaytirilmoqda. Ichki ishlar vazirligi ta’lim organlari va munisipal xizmatlar bilan birgalikda maktab va kollejlarda o‘qimaydigan voyaga yetmagan xorijliklarning hisobini yuritadi.
Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikovaning Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinga yo‘llagan maktubida aytiladi.
Ayni paytda ichki ishlar vazirligining hududiy organlariga ta’lim bo‘limlaridan ta’lim muassasalariga o‘qishga kiritilmagan, jumladan, til imtihonidan o‘ta olmaganligi sababli bolalar haqida ma’lumotlar kelib tushmoqda. Agar bolaning ta’lim olish huquqi buzilganligi aniqlansa, bu haqda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar, vasiylik va homiylik organlari xabardor qilinadi.
Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazasida migrant bolalarning o‘qishga qabul qilinishi, chiqarib yuborilishi va test sinovlari natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, ta’lim olish uchun topshirilgan arizalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilishi nazarda tutilgan. Ushbu ma’lumotlar ta’lim muassasalaridan, shuningdek, nazorat qilinadigan shaxslarning maxsus reyestriga kiritilgan voyaga yetmaganlarning ota-onalari yoki qonuniy vakillaridan olinadi.
Bunday choralar prezident Vladimir Putin tomonidan imzolangan yangi qonunda nazarda tutilgan. U maktab va kollejlarni migrant bolalar haqidagi ma’lumotlarni, jumladan, ularning rus tilini bilish darajasini tekshirish natijalarini Ichki ishlar vazirligiga topshirish majburiyatini yuklaydi. Rasmiylarning tushuntirishicha, yangilik xorijlik talabalarni ro‘yxatga olishning shaffofligini ta’minlash va ularning ta’lim olish huquqini ta’minlashga qaratilgan.
Ma’lumotlar uzatish tizimi 2025-yil 1-sentyabrdan ishlay boshlashi kutilmoqda va yil oxirigacha Ichki ishlar vazirligi Rossiyada o‘qiyotgan har bir chet ellik bola haqidagi ma’lumotlardan to‘liq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.