Maqola

573 27/06/2025

Indoneziyada ikki nafar Qozog‘iston fuqarosi giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz Qozog‘iston TIV matbuot xizmatiga tayanib.

Indoneziya huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Indoneziyaning vakolatli organlari ushbu shaxslarga nisbatan sudgacha tergov olib bormoqda va shuning uchun boshqa ma’lumotlar oshkor etilmagan.

«Qozog‘istonning Jakartadagi elchixonasi tergov organlari va ayblanuvchilarning qarindoshlari bilan aloqada. Masala qozog‘istonlik diplomatlar nazoratida», – deyiladi xabarda.

Avvalroq Indoneziya ommaviy axborot vositalari AQSH fuqarosi va ikki qozog‘istonlik Indoneziyaning mashhur Bali kurort orolida giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanib hibsga olingani haqida xabar bergan edi.

Qozog‘istonliklar shu yilning aprel oyida hibsga olingan va ularda taxminan 49 gramm metamfetamin borligi aniqlangan. Hibsga olinganlar giyohvand moddalar savdosida ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Shu o‘rinda Janubi-Sharqiy Osiyoga sayohat qilishni istagan hamyurtlarimizga tavsiya: Mintaqaning bir nechta mamlakatlarida giyohvand moddalar savdosi yoki hatto saqlash uchun o‘lim jazosi berilishi mumkin. Singapurda 15 grammdan ortiq geroinni tashish avtomatik ravishda o‘lim jazosiga olib keladi. Malayziyada og‘irligidan qat’i nazar, oz miqdorda «o‘ta xavfli» dorilar ham o‘lim bilan jazolanadi. Indoneziyada to‘lim jazosiga moratoriy 2017-yildan beri amal qilsa-da, taqiqlangan moddalarning har qanday savdosi o‘lim bilan jazolanadi. Bruney 2018-yilda giyohvand moddalar uchun o‘lim jazosini qaytadan kiritdi. Tailandda o‘lim jazosi belgilangan, lekin ko‘pincha umrbod qamoq jazosi bilan almashtiriladi. Vetnam va Laosda giyohvand moddalar savdosi uchun o‘lim jazosi belgilangan. Myanmada esa giyohvand moddalar savdosiga har qanday aloqadorlik uchun o‘lim jazosi beriladi.

Ehtiyot bo’ling, aeroportlarda o‘zgalarning yukini olib o‘tib berish kabi “yordam”lar ham hayotingizni xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya