178 15/07/2024

Yekaterinburgda migrantlar mavzusida yana bir janjal kelib chiqdi. Bu safar “tojik tilidagi banner o‘rnatilgani” journalist va mahalliy migrantofoblarni qo’rqitgan. “АН” nashri mualliflarining vahima bilan ta’kidlashicha, reklama banneri “Таганский Ряд” bozori yonidan topilgan.

Biroq vahimali maqolaga ilova qilingan reklama rasmida bannerdagi yozuv tojik emas, balki qirg‘iz tilidagi ekanini ko‘rish mumkin. Jurnalistlar vahima qo‘zg‘ashdan avval reklama qaysi tilda yozilganini aniqlay olmaganiga qaraganda ular matnning mazmunidan ham bexabar.

Biroq “AН”mualliflariga ko‘ra, “Таганский Ряд” bozori atrofidagi aholi shahar ma’muriyati va huquq-tartibot xodimlariga doimiy ravishda muhojirlar u yerda o‘z anklavlarini tashkil etgani, mahalliy aholiga o‘z qoidalarini o‘rnatib, rioya qilishni buyurayotgani haqida shikoyat qilib keladi.

Mahalliy aholining shikoyatlari aynan nimadan iborat, muhojirlar qaysi qoidalarni o‘rnatib, qaysi qoidalarga mahalliy aholini ham bo‘ysundirishga urinayotgani haqida hech qanday aniq ma’lumot yo’q.

Migrant.uz professional tarjimonlarga murojaat qilib, banner matnini rus tiliga tarjima qildi. Ma’lum bo‘lishicha, bannerda “Biz bilan oshpaz bo‘lib ishlang. Ishimni yaxshi ko‘rganim uchun maosh olaman” degan yozuvlar mavjud.

Katta ehtimol bilan reklama bergan «Сушкоф и пицца» kafe va restoranlar tarmog‘i muhojirlarni oshpazlikka tezroq jalb qilish maqsadida banner qirg‘iz tilida chop etgan.

Chet tili mavzusini ko‘targan migrantofob mualliflar esa vahimali maqolalarida negadir ingliz tilidagi reklamalar haqida hech narsa gapirmagan. Axir Rossiyadagi reklamalarning katta qismi aynan ingliz tilida. Agar xorij tilidagi reklama millatchilarni xavotirga solayotgan bo‘lsa, muammoni shu tarafidan o‘rganishni boshlash to‘g‘ri bo’ladi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya