Maqola

157 22/07/2024

Oleg Gazmanov degan rossiyalik qo‘shiqchini ko‘pchilik taniydi. Ayrim to‘ylarimizda hatto uning “Eskadron” degan qo‘shig‘ini qayta-qayta qo‘yib o‘ynaydiganlar ham bor. Kuni kecha o‘sha qo‘shiqchi o‘zining shovinistik va antimigrant qarashlarini ommaga bayon qildi.

Gazmanov Rossiya rasmiylaridan muhojirlarga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lishni talab qilmoqda.

Qo‘shiqchi mamlakatning migratsiya siyosatidan noroziligini bildirdi.

Gazmanovning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikda “ko‘p narsa o‘tkazib yuborilgan” emish. Uning fikricha, ko‘p sonli muhojirlarni Rossiyaga kiritmaslik kerak ekan, chunki ular mamlakatning “madaniy kodeksi”ga to‘g‘ri kelmas va ko‘pincha rus tilini bilmas ekan. Gazmanov, shuningdek, muhojirlarning kirib kelishiga yordam berish uchun diasporalar ularga pora berayotganini aytib, rasmiylarni poraxo‘rlikda ayblagan.

U migratsiya muammosini hal qilish uchun choralar ko‘rilishiga ishonchi komil: “Bu qiyin vaziyat, lekin biz buni hal qilishimizga aminman”. Shuningdek, u rus tili orqali turli xalqlarni integratsiyalash borasidagi Rossiyaning tarixiy tajribasini qayd etdi.

U bir yil oldin yozgan qo‘shig‘idagi: “Men rusman, men tatarman, men chechenman, men boshqirdman, men butun mamlakat xalqiman va biz hammasi birgalikda rus dunyosi… Siz ularning hammasini – slavyanlar qanoti ostida ruslar davlatiga birlashganlarni sanay olmaysiz”, degan so‘zlarini keltirgan.

Gazmanovning aytganlarini ayrim rossiyaliklar o‘z izohlarida qo‘llab-quvvatlab, muhojirlarga qarshi shunga o‘xshash fikrlarni bildirishgan. Ko‘pchilik rus madaniyatiga to‘g‘ri kelmaydigan, tilini bilmaydigan muhojirlarni mamlakatdan haydab chiqarish kerakligini aytgan. Ayrimlar migrantlar o‘rtasidagi jinoyatchilik muammosi va xavfsizlikni ta’minlash choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidlagan.

Shuni ham aytish lozimki, Oleg Gazmanovning o‘zi toza rus millatiga mansub emas: otasi tatar, onasi yahudiy.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya