Maqola

247 01/08/2024

Rossiyaning bir necha oblastlari va shaharlarida – Yaroslavl, Vladimir, Ivanovo va Kostromalarda – iyul oyining oxirida do‘konlar tarmog‘i oziq-ovqat mahsulotlarisiz qolib ketgani juda katta rezonansga olib keldi. Do‘konlarda oziq-ovqat mahsulotlarining yo‘qolib qolishi, bo‘sh tokchalar, mahsulotlarning yetkazib berilishidagi uzilishlar haqida xabarlar, videolar rus internetini to‘ldirib yubordi.

Oziq-ovqat mahsulotlari “Пятерочка”, «Перекресток» kabi katta federal tarmoqlarning do‘konlaridan yo‘qolib qolgan. Bu tarmoqlarning barchasi bir savdo xoldingi – X5 ga tegishli. Hodisaga avval provokatsiya deb qaralgan bo‘lsa, keyinroq savdo tarmog’ining rasmiy izohi vaziyatga oydinlik kiritdi. Rasmiy izohda oziq-ovqat mahsulotlarining yetkazilmaganiga sabab tariqasida – Yaroslavldagi taqsimlash markazida mavsumiy ishchi kuchi yetishmayotgani ko‘rsatilgan.

Biroq qator telegram kanallar o‘z manbalariga tayangan holda muammo mavsumiy ishchi kuchi emas, balki aynan migrantlar bilan bog‘liqligini aytmoqda. Xabar berilishicha, Yaroslavl taqsimlash markazida reyd o‘tkazilib, u yerda ishlaydigan yuzlab migrantlar deport qilingan. Natijada migrantlarsiz logistika markazining faoliyati mutlaqo to‘xtab qolgan.

Migrantlarning deportatsiyasi oqibatida do‘konlarda oziq-ovqat mahsulotlari yo‘qolishni boshlagan, aholida esa vahima paydo bo‘lgan.

Voqea bo‘yicha shov-shuvdan bir kun o‘tib, mahsulotlarni yetkazib berish qaytadan tiklandi. Do‘konlarga boshqa oblastlardan vaqtincha xodimlarni olib kelib, ish faoliyati zudlik bilan tiklashga erishildi. Ammo bu vaqtinchalik chora.

Xo‘sh, bu voqea migrantlardan qanday foyda bor, ularning iqtisodimizga zarurati nimada deb norozilik bildiradigan kuchlarga amaliy dars bo‘ldimi? 

Bunga shubhamiz bor. Chunki shu voqeadan keyin ham ochiqchasiga migrantlarga bo‘lgan ehtiyoj na savdo xoldingi, na jamiyat, na siyosatchilar tomonidan tan olindi.

Migrantlarning qanchalik kerak ekani ochiqchasiga tan olinmaguncha reydlar, o‘nglarning vasvasasi, natijada tashkilot va korxonalarning faoliyati to‘xtab qolishi davom etaveradi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya