Maqola

197 05/08/2024

O’zbekiston fuqarolari Moskvada poliklinika qurilishida ishlashganini, biroq maoshlari ikki oydan buyon berilmayotganidan shikoyat qilishmoqda. Migrant.uz muxbiri jabrlanganlar bilan suhbatlashib, voqea tafsilotlarini aniqladi.

Ma’lum bo’lishicha, o’zbekistonliklar aprel oyi oxirida 7 qavatli poliklinika qurilishida elektrik sifatida bir brigada bo’lib ishga joylashishgan. Bir brigada 20dan ortiq quruvchilardan iborat. Ularning vazifasi yangi qurilayotgan poliklinikaning elektr ishlarini bajarish edi.

Pudrat tashkiloti quruvchilarni yolllayotganda barcha rasmiy ravishda ishga olinishini va’da bergan. Ish haqi soatiga 525 rubl, kuniga esa maksimal 4200 rubl miqdorida kelishilgan. Ish hisobi tabelda yuritilgan.

Avval mehnat shartnomalari va’da qilinganidek, navbat bilan har hafta bir nechta ishchilarga berilayotgan edi. Biroq shartnomalarda ishchilar elektrik emas, “raznorabochiy” lavozimida ishga olingani, maosh esa bir oyga 30 ming rublligi ko’rsatilgan edi. Ish beruvchi buni rasmiyatchilik deb tushuntirgan.

Ammo shartnoma nusxasini tegishli tartibda Migratsiya bo’limiga topshirgani borganda muhojirlarga ularning qo’lidagi “dogovor” soxta ekani aytib, qaytarib yuborilgan. Katta ehtimol bilan, ish beruvchi chet el fuqarosini ishga yollagani to’g’risida Migratsiya bo’limiga xabar yubormagani nazarda tutilgan. Shartnomalar qabul qilinmaganini eshitgan Nikolay va Mixail ismli ish beruvchilar barcha mehnat shartnomalarini yig’ib olib, yangi, ya’ni haqiqiy shartnomalar berishni va’da qilishadi.

Lekin shu bilan migrantlar na mehnat shartnomalarini, na va’da qilingan ish haqini ko’rishgani yo’q. Maosh haqida yoki shartnoma haqida gap ketganida “bugun-erta bo’ladi” deb aldab kelishgan. Migrantlar may oyidan iyul oyining oxirigacha oyliksiz ishlashganini aytishmoqda. Iyul oyining oxirida o’zbekistonliklarning toqati toq bo’lib, ishni to’xtatishgan.

Ularning aytishicha, hatto patent, uy-joy va yo’lkira uchun to’lashga pullari qolmadi. O’zbekistonliklar ish beruvchidan ikki oylik maoshlari 1 987 000 rublni (22 000 AQSh dollaridan ko’proq) talab qila boshlashdi. Talabga javoban avval “ana-mana to’laymiz” deb mudddatni cho’zishdi, biroq endi migrantlarga ochiqchasiga pul yo’qligi, maosh to’lanmasligi, xohlagan joyga murojaat qilishlari mumkinligi aytilmoqda.

Davlat buyurtmasini bajarayotgan pudratchi ish beruvchilar o’zlarining jazosiz qolishlariga bekorga ishonmagandek ko’rinadi. Ma’lum bo’lishicha, o’zbekistonliklarga berilgan mehnat shartnomalarida ish beruvchi tashkilot deb ООО «Мак строй» ko’rsatilgan, tabelda esa ООО «ABM Строй». Qurilish obyekti bo’lajak poliklinikaga kirishda esa umuman boshqa tashkilot ko’rsatilgan.

Bundan tashqari, migrantlar ish beruvchi soliqlardan qochayotganini gumon qilishmoqda, chunki birinchi oy uchun avans naqd pulda to’langan. Shuning uchun o’zbekistonliklar soliqlardan qochayotgan ish beruvchi ularga halol ishlagan pullarini to’lamasligidan xavotirda.

Maoshlarini olish uchun o’zbekistonliklar Moskva shahridagi Migratsiya bo’limiga, Migratsiya markaziga murojaat qilishgani, ammo u yerda ularga bunday masalalar bilan shug’ullanmasliklari aytilganini bildirishmoqda.

Shundan so’ng migrantlar O’zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishgan. Agentlikning Moskva shahri vakolatxonasi xodimlari ularga murojaatni jamoaviy ariza shaklida rasmiylashtirish kerakligini va buning uchun barcha migrantlar bir vaqtning o’zida Agentlik ofisiga kelishlari kerakligini aytgan.

Hozirgi vaqtda moskvaliklar uchun yetti qavatli poliklinikani bepul qurib bergan o’zbekistonliklar jamoatchilikdan yordam so’rashmoqda. Chunki qaysi instansiya yoki davlat organi ularga yordam bera olishini bilolmay, qiyin ahvolda qolishgan.

— Biz, hatto yeyishga hech narsa bo’lmasa ham soliq to’laymiz. Maqsadimiz begonaning narsasini tortib olish emas, biz o’zimizning halol ishlagan pulimizni talab qilmoqdamiz. Nahotki bizning holatimiz bilan hech kimning ishi bo’lmasa? Qonun huquqlari buzilayotganlarni himoya qilishi kerak emasmi?, – deydi jabrlanganlardan biri A.Karimov Migrant.uz bilan suhbatda.

Biz holat bo‘yicha o‘rganishni davom ettiramiz va natijani e’lon qilamiz. Muhojirlarga esa, ishga kirayotganda, shartnoma imzolayotganda diqqatliroq bo‘lishni tavsiya etamiz.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya