Maqola

152 09/08/2024

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyadagi bir necha o‘zbekistonlik migrantlarning to‘rt kundan buyon politsiya bo‘limida qolib ketayotganini ko‘rsatuvchi video tarqaldi. Migrant.uz ushbu videoning mualliflari bilan bog‘landi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘ndan ortiq o‘zbekistonliklar Rossiyaga kelgach, patent va boshqa zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan. Ular migratsion qaydlar, mehnat shartnomalari va Rossiyada ishlash uchun kerakli barcha hujjatlarga ega bo‘lgan. Biroq, ish beruvchi (OOO “Zolotoy Karandash”)ning topshirig‘iga ko‘ra, Moskva shahri emas, balki Moskva oblastida ish olib borishgan.

6-avgust kuni, ular Moskva oblastida ishlayotgan paytda, ish ob’yektiga tekshiruv kelib, barcha muhojirlar politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Hujjatlari Moskva shahrida ishlash uchun rasmiylashtirilgan muhojirlar ajratilib, Odinsovo shahridagi politsiya bo‘limiga olib borilgan. U yerda bir kun qolgan migrantlarning hujjatlari olib qo‘yilgan. 7-avgust kuni, ular sudga olib borilib, qisqa sud jarayonidan so‘ng yana politsiya bo‘limiga qaytarilgan, ammo bu safar Golisino tumanidagi politsiya bo‘limiga.

Odinsovo shahridagi politsiya bo‘limida qolib ketayotgan hamyurtlarimiz u yerda kamida yana 5 nafar o‘zbekistonlik borligini ma’lum qilishdi. Migrant.uz bilan bog‘langan muhojirlardan biri, Javlonbekning aytishicha, u yerda olti kundan buyon hech qanday sud va so‘roqsiz ushlab turilgan o‘zbekistonliklar ham bor.

— Bizni bu yerdagi politsiya bo‘limiga olib kelishganida Namangandan kelgan hamyurtlarimizni uchratdik. Ular besh kishi. Ular hech qanday sudsiz olti kundan beri shu yerda ekan. Hujjatlari ham olib qo‘yilgan. Bizdan farqli ravishda, ularga sud ham bo‘lmagan. Biz esa uch kundan buyon nima uchun ushlab turilganimiz haqida hech narsa bilmaymiz. Sudda ham qanday qaror qabul qilingani, nima uchun sudlanganimizni bilmaymiz, — deydi Javlonbek Migrant.uz muxbiri bilan muloqotda.

8-avgust holatiga ko‘ra, Golisino politsiya bo‘limida Buxorodan 2, Farg‘onadan 3, Qashqadaryodan 2, Namangandan 4, Xorazm, Surxondaryo va Andijondan 1 nafardan hamyurtlarimiz hanuz ushlab turilgani ma’lum bo‘ldi.

Migrant.uz voqeaga aniqlik kiritish maqsadida politsiya bo‘limi bilan bog‘landi, ammo u yerda matbuot xizmati bilan suhbatlashish kerakligi aytildi. Odinsovo shahri sudi esa so‘nggi uch kun ichida 6 nafar mehnat muhojirining Rossiyadan chiqarib yuborilishi bo‘yicha qaror qabul qilinganini ma’lum qildi. Biroq, videoda ko‘rsatilgan o‘zbekistonliklar bu ro‘yxatda yo‘q.

Mazkur voqea yuzasidan O‘zbekistonning Moskvadagi konsulligi yoki Mehnat migratsiya agentligi vakolatxonasi hozircha hech qanday izoh bergani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, muhojirlar patentni qaysi shaharda rasmiylashtirgan bo‘lsa, faqat o‘sha joyda ishlash huquqiga ega. Moskva patenti bilan Moskva oblastida ishlash huquqbuzarlik hisoblanadi va bunday holatlarda jarima hamda besh yilgacha Rossiyadan chiqarib yuborish jazosi belgilangan. Qolaversa, Odinsovo shahrining ayrim hududlari xorijliklar uchun yopiq hisoblanadi. O‘zbekistonliklar shunday yopiq hududda ishlaganmi yoki yo‘qligi hozircha noma’lum.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya