171 14/08/2024

«Выдворение» – bu chet el fuqarosining Rossiyadan majburiy chiqarib yuborilishi. Hozirgi vaqtda Rossiya Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksining 22 ta moddasini buzganlarga «выдворение» jazosining qo‘llanilishi belgilangan. Quyida aynan qaysi ma’muriy huquqbuzarliklar uchun Rossiyadan chiqarib yuborish mumkinligi haqida ma’lumot beramiz.

Agar muhojir quyidagi huquqbuzarliklarni sodir etgan bo‘lsa unda albatta «выдворение» qilinadi:

  • giyohvand moddalarini tarqatganligi uchun (6.8-modda 2-qism);
  • shifokor retseptisiz giyohvand moddalarini iste’mol qilganlik uchun (6.9-modda 2-qism);
  • noan’anaviy jinsiy munosabatlar va jins o‘zgartirishni targ‘ib qilganlik uchun (6.21-modda 5-8-qism);
  • noan’anaviy jinsiy munosabatlar va jins o‘zgartirishni voyaga yetmaganlar orasida targ‘ib qilganlik uchun (6.21.2-modda 3 va 4-qism);
  • pedofiliyani targ‘ib qilganlik uchun (6.21.1-modda 3 va 4-qism);
  • Rossiya Federatsiyasiga kirish yoki uning hududida bo‘lish tartibini buzganlik uchun (18.8-modda 1.1, 3.1, 4 va 5-qism);
  • Rossiya Federatsiyasida noqonuniy mehnat qilganlik uchun (18.10-modda, 2 va 3-qism);
  • Bir marta «выдворение» tayinlangandan keyin  Rossiyadan chiqib ketmaganlik uchun  (20.25-modda, 3-qism).

To‘g’ridan to‘g‘ri «выдворение» jazosi belgilanmagan, lekin sud qarori bilan ma’muriy chiqarib yuborish qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar:

  • Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasi tartibini buzish (18.1-modda 2-qism);
  • Chegaraviy hududda chegara huquq-tartibini buzish (18.2-modda 1.1-qism);
  • Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasi orqali o‘tish punktlarida tartibni buzish (18.4-modda 2-qism);
  • Migratsiya qoidalarini buzish (18.11-modda 1-qism);
  • Alohida faoliyat turlarini amalga oshirish bo‘yicha cheklovlarga rioya qilmaslik (18.17-modda 2-qism).

Ayrim huquqbuzarliklarni takroran sodir etilsa, unda albatta “выдворение” jazosi tayinlanadi. Ya’ni quyidagi huquqbuzarliklarga birinchi marta yo‘l qo‘yganingizda Rossiyadan chiqarib yuborilmaysiz. Lekin ikkinchi marta sodir etsangiz, unda Rossiyadan chiqarib yuborishadi. Ular:

  • Rossiya Federatsiyasida bo‘lish qoidalarini buzish (18.9-modda);
  • Patent olish uchun murojaat qilish muddatini buzish (18.20-modda).

Ta’kidlash kerakki, 2024-yil yanvar oyida Rossiyaning ma’muriy kodeksiga o‘zgarishlar kiritilgan. Bu o‘zgarishlarga ko‘ra ma’lum asoslar mavjud bo‘lsa majburiy chiqarib yuborish jazosini jarima yoki majburiy mehnatga almashtirish mumkin.

«Выдворение» jarimaga yoki majburiy mehnatga almashtirilishi uchun quyidagi sabablar bo‘lishi kerak:
Rossiyada uzoq muddat yashash, oila a’zolari Rossiya fuqarosi bo‘lishi, doimiy ish joyi va shaxsiy uy-joyning mavjudligi, o‘z vaqtida soliq to‘lashi, qonunga bo‘ysunishi va boshqalar.

Ushbu asoslar mavjud bo‘lsa javobgarlik turi sudyaning istagiga bog‘liq bo‘ladi – sudya xohishiga ko‘ra «выдворение»ni jarimaga almashtirish haqida qaror chiqarishi mumkin.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya