Maqola

1 103 15/08/2024

Ukrainaning Rossiyaning Belgorod viloyatidan Novgorodgacha bo’lgan mintaqalariga uyushtirayotgan dronlar hujumi undan himoyalanish usullari haqida o’ylashga majbur qilmoqda. Agar dron yoki raketa hujum qilsa, nima qilish kerakligi haqida ekspertlarning tavsiyalarini bilan bo’lishamiz.

Dron yoki BPLA past balandlikda uchadigan va tashqi ko’rinishidan kichik samolyotga o’xshaydigan qurilma sanaladi. Doim portlovchi moddalar bilan to’ldirilgani sababli kichik bo’lsa ham dron xavfli harbiy qurol hisoblanadi.

Agar kvadrat shaklidagi g’uvillayotgan dronlarni ko’rgan bo’lsangiz va ularning miltillovchi chiroqlari bo’lsa, unda bu kvadrokopterlar, dron emas. Kvadrokopterlar qushlar parvozi balandligidan kuzatish va suratga olish uchun ishlatiladi. Dron ovozi esa uzoqqa tarqalmaydi va samolyot g’uvullashiga o’xshaydi.

Dronni ko’rdingizmi? Yashirining!

Agar ko’chada dron ovozini eshitsangiz, birinchi qilishingiz kerak bo’lgan narsa – bu yashirinish! Podyezd, parkovka, yer osti o’tish joyi, chuqurlik yoki yerto’la – har qanday yopiq joy yashirinish uchun to’g’ri keladi. Yashiringach, agar dronning uchish yo’nalishini aniqlay olgan bo’lsangiz 112 raqamiga qo’ng’iroq qilib, dron ko’rganingizni xabar qilishingiz kerak. Agar boshpana bo’lmasa, asfalt yoki yerga yotib, boshingizni qo’lingiz, sumkangiz yoki ryukzakingiz bilan yopishingiz kerak. Bunday vaziyatda faqat yashiringandan keyin videoga olish mumkin.

Sirena ovozini eshitdingizmi? Yashirining!

Agar uyda havo hujumiga qarshi mudofaa tizimining ovozini (sirenani) eshitsangiz, darhol derazadan uzoqlashishingiz kerak. Imkon qadar ikki devor ortiga yashirinish kerak, masalan, yo’lakda, hojatxonada yoki hammomda. Agar ko’chada sirena ovozini eshitsangiz, “dahshatli va zavqli video” suratga olishga oshiqmang, aksincha yashirinishga shoshiling. Yashirinish uchun avvalroq aytganimizdek, har qanday bino mos keladi. Raketalar va dronlar odatda uylar yoki binolar uchun katta tahdid tug’dirmaydi, ammo odamlar uchun juda xavfli bo’lishi mumkin. Shuning uchun sizning vazifangiz – xavfdan iloji boricha uzoqroqda, imkon bo‘lsa – devor ortida bo‘lishdir. Havo hujumiga qarshi mudofaa tizimining ishi tugagunga qadar yashirinib turishingiz kerak. Deraza orqali videoga olish juda yomon g‘oya. Chunki dronni videoga olish maqsadida jarohatlangan yoki halok bo’lganlar ko‘p uchraydi.

Agar hujumga uchrayotgan joylarda yashasangiz, har doim tayyor turing!

Agar hujum qilingan yoki hujum qilinishi mumkin bo’lgan shahar yoki tumanlarida bo’lsangiz, o’zingiz bilan hujjatlaringiz, telefon quvvatlagich, dori-darmonlar, suv va ob-havoga mos kiyimlaringizni olib yuring. Lokatsiyangizni yaqinlaringizga yuborib qo’ying. Pulingiz va qimmatbaho narsalaringizni o’zingiz bilan olib yuring, yoki yaxshisi bank hisobida saqlang.

Vahimaga tushmang!

Vahima hujumning o’ziga qaraganda sizga ko’proq zarar yetkazishi mumkin. Chunki, vahima vaziyatni aniq baholash va ehtiyot choralarini ko’rishga xalaqit beradi. Shuning uchun aslo vahimaga berilmaslik kerak. Agar vahima yoki qo’rquv ta’siriga tushsangiz uchgacha sanab nafas oling va to‘rtgacha sanab nafas chiqaring. Bu kulgili tuyulishi mumkin, lekin aynan shu mashq insonning tinchlanishiga yordam beradi. Asosiy qoidani unutmang: agar osmonda baland ovozlarni eshitsangiz, qo’rqmang. Bu ovozlar havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari dushman vositalarini urib tushirayotganini anglatadi.

Yaqinlaringiz bilan aloqada bo’ling!

Tashqi shovqinlar to’liq tugagandan so’ng, va umuman har doim, yaqinlaringiz bilan aloqada bo’ling. Yaqinlaringizga/do’stlaringizga ahvolingiz haqida ma’lumot bering. Ba’zida dronlar hujumidan keyin internet bo’lmasligi mumkin, bunday hollarda SMS yozishingiz mumkin.

Bu tavsiyalar hech qachon kerak bo’lmasligini tilaymiz. Lekin Rossiyadagi har kim bu tavsiyalarni bilib qo’yishi kerak. Chunki ochiq manbalarga ko’ra, Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi boshlanganidan buyon Rossiyaning 20 dan ortiq mintaqasi dron hujumlariga uchragan.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya