2025-yil 1-yanvardan boshlab “Роструд” ish faoliyatini noqonuniy ravishda tashkil etgan ish beruvchilar reyestrini ishga tushirdi. Ushbu reyestr mehnat munosabatlarini shaffof qilish va mehnat qonunchiligini buzilishiga qarshi kurashish maqsadida yaratilgan, deyiladi idoraning rasmiy veb sahifasida.
Reyestr ochiq bo‘lib, istalgan kishi noqonuniy ravishda ishchilarni yollagan ish beruvchilar haqida ma’lumot olishi mumkin.
Reyestrga mehnat qonunchiligini buzgan ish bervchilar kiritiladi. Mehnat faoliyatini buzish holatlari orasida mehnat shartnomalarini rasmiylashtirmay ishlatish, maosh to‘lamaslik va boshqalar bor. Ma’lumotlar 2025-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kirgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi sud qarorlari asosida kiritiladi. Reyestrda kompaniya nomi yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ism-sharifi, INN raqami, reyestrga kiritilgan sana va buning uchun asos ko‘rsatilishi xabar berilmoqda.
Migrantlar uchun ushbu reyestr ish beruvchining qanchalik ishonchli ekanini ishga kirishdan oldin tekshirishda yordam berishi bilan ahamiyatli. Reyestr orqali mehnat shartnomasini rasmiylashtirmaydigan ish beruvchilar bilan duch kelish xavfi kamayadi. Bu esa o‘z navbatida maoshni ololmaslik, deportatsiya va boshqa muammolarning oldini olishda foydali bo‘ladi.
Reyestrning elektron manzili e’lon qilinmagan. Ish beruvchini tekshirish uchun ekspertlar “Роструд”ning telefonlariga murojaat qilishni tavsiya etadi. Buning uchun federal raqamlarga 8 800 707 8841 (barcha qo‘ng‘iroqlar bepul) yoki mintaqaviy raqamlarga telefon qilinadi. Masalan, Moskvada +7 (495) 343-91-90 raqami. Telefon qilib, idora mutaxassislaridan ish beruvchi haqida ma’lumotlarni olish mumkin. Bu yondashuv mehnat muhojirlari huquqlarini qo‘shimcha himoya qilishga xizmat qiladi.