441 28/07/2026

Rossiya chet ellik mehnat migrantlarini Ukrainaga qarshi urushga yuborish uchun tuzoqqa tushirmoqda. «Axmat» boʻlinmalari vakillari vaqtinchalik bosib olingan Donetsk viloyatida qilayotgan ishlardan ukrainlar va qrim tatarlari kiruvchi «Atesh» harbiy harakati ishtirokchilari ma’lum qilmoqda. Ular ma’lumotni okkupatsion ma’muriyat tarkibidagi oʻz agentlaridan olishgan.

Aldov sxemasi Moskva viloyatidagi soxta pudratchi kompaniyalardan boshlanadi. Ushbu firmalar muhojir ishchilarni yollaydi va ularga bosib olingan Mariupol va Donetsk shaharlaridagi qurilishlardagi ish uchun yuqori maosh va’da qiladi. Odamlar kelib ishlaydi, biroq qurilish tugagandan soʻng, va’da qilingan pullar oʻrniga ishchilar kuchli bosim ostida qoladi.

«Axmat» boʻlinmasi jangchilari mahalliy politsiya bilan birgalikda quruvchilar yashaydigan yotoqxonalar va xonadonlarda reydlar oʻtkazishadi. Migrantlardan pasportlari va boshqa hujjatlari olib qoʻyiladi, ularga tahdid va shantaj qilinadi. Shu tariqa, odamlarni hujum boʻlinmalariga yuborish uchun Rossiya armiyasi bilan shartnomalar imzolashga majbur qilinmoqda. Shartnoma imzolashdan bosh tortganlarni migratsiya qonunchiligini buzganlikda ayblab, ishlab topgan pullari tortib olinadi va deportatsiya qilinadi.

Bunday tuzoqqa koʻpincha Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelganlar tushadi. Asosan bu Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolaridir. «Atesh» harakati vakillari ma’lumotlarni tegishli tuzilmalarga topshirish uchun ushbu sxemada ishtirok etayotgan barcha politsiya xodimlari, yollovchilar va «Axmat» komandirlarining ma’lumotlarini qayd etib bormoqda.

Rossiyada migrantlarga nisbatan bosim oʻtkazilayotgani haqida Urushni oʻrganish instituti (ISW) ham ma’lum qilgan. Tashkilot Rossiya rasmiylari oʻz armiyasining yoʻqotishlarini chet elliklar hisobidan qoplashga harakat qilayotganini tasdiqlaydi. Migrantlar deportatsiya qilish va jinoiy ishlar bilan qoʻrqitilib harbiy shartnomalar imzolashga majburlanmoqda. Avvalroq Ukraina Tashqi razvedka xizmati ham urushda ishtirok etish uchun Afrika mamlakatlari fuqarolari yollanayotgani haqida xabar bergan edi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya