383 13/07/2024

Migrant.uz tahririyatiga O‘zbekistondagi mas’ullar (mahalla, hokimliklar) ham Rossiyaga va boshqa davlatlarga o‘z hududidagi aholidan ishchi yuborish bo‘yicha topshiriq olayotgani haqida xabarlar keldi. Ha, xato o‘qimadingiz — aynan topshiriq.Tahririyatga kelgan audio xabarlarda mahalla raislariga Rossiyada qurilish sohasida ishlash uchun ishchilarni yig’ish topshirig’i berilganini eshitish mumkin.

Mazkur holat bo‘yicha muhojirlarning fikrlari bilan qiziqdik.

20 yildan buyon Rossiyada muhojirlikda yurgan hamyurtimiz 55 yoshli Tolibjon U.ning fikri:

“Rabsila eksport qiladigan davlatga aylandik, afsus. Davlat organlari jalb qilinyabdi ekan. Zamonaviy qullik/quldorlik shunaqa bo‘larmikin?! Biz qiyinchilikdan kelganmiz, 20 yil muqaddam O‘zbekistonda iqtisod og‘ir ahvolda edi. Endi-chi? Qurilayotgan uylarni, mashinalarni, to‘ylarni ko‘rib xalq moddiy jihatdan ancha boyiganini ko‘rdim. 10 yillar muqaddam tuman hokimi yig‘ilish qilgandi, mavzu – yoshlarni chetga ishlashga iloji boricha chiqarmaslik, ish bilan ta’minlash.

“Dalaga chiqsayam qorni to‘yadi, Rossiya ko‘chalarini supurgandan ko‘ra” degan. Chunki boshqa taklifiyam yo‘q edi-da. Mana, hech qancha vaqt o‘tmay, o‘zlari targ‘ib qilishyabdi, pul o‘lsin-a! E-e-e, gapirsa, gap ko‘p!”

10 yildan buyon muhojirlikda yurgan hamyurtimiz Davron A.ning fikri:

“To‘g‘risi, odam o‘rganib ham ketdi. Ana tugaydi-mana tugaydi, deb 10 yildan beri yuribmiz. 10 yil ichida pensionerga aylandik. Ishonmaysiz, qancha qiyinchiliklar o‘tdi. Salkam pensioner odam ham yurtiga sig‘may shu yerlarda ishlab yurishi kerak. Buyoqdan siqadi, buyoqdan ket, der ekan-da. Huquq masalasiga kelganda, himoya masalasiga kelganda hech narsa qilishmaydi. Ovozli xabarni eshitdingizmi? Tayyor yotoq-joy, yeb-ichish ichida, zo‘r ish emish. Bor o‘zing ishla zo‘r ish bo‘lsa. Ming dollar oylik desa, quloqlarini “lang” osiltirib ishonib o‘tirishibdi. Uning ichida rasxodi qancha. Chiptasiniyam, boshqaniyam oylikdan to‘laysan. Necha marta shunday qilib kelganman ishga. Hech qaysi ish beruvchi bepulga qilmaydi bularni. Bizda shunaqa-da. Bilishmaydi hech narsani. Oylik ming dollar desa huquq, bu yerdagi holat eslaridan chiqib qoladi. To‘g‘risi, yuborayapsanmi, buyog’ini ham qilib qo‘y, himoya qilib olgin deb aytgim keladi. Faqat kimga aytay? O‘zi bularning dardi shu. Tezroq “ishsiz aholi qolmadi menda” deb hisobot bersa bo‘ldi. Huquq degan narsani tushunmasa ham kerak. Himoya nimaligini bilishmaydi. Bularni fikri bo‘yicha himoya bu yotoq-joy, baland oylik, kelish biletini olib berish. Boshqa narsani tushunishmaydi…”

5 yildan buyon muhojirlikda yurgan hamyurtimiz Zilola X.ning fikri:

“Bilmadim, men qarshi emasman. Faqat ayollarga kelganda ming dollarlik oylik va hamma  narsasi ichida bo‘lgan ish qilib berisholmaydi. Hamma ish erkaklarga. Bizga o‘xshagan yolg‘iz ayollar o‘zlari kelib, o‘zlari ish sotib olishi kerak. Biz ishlarni sotib olamiz. Bizga hech kim bepulga ish bor demaydi. Qaniydi bizga ham yaxshi-yaxshi ishlarni qilib berishsa, o‘zlari jo‘natsa, oson bo‘lardi…”

1 yildan buyon muhojirlikda bo‘lgan yosh hamyurtimiz, Azizbek B.ning fikri:

“Bir oydan keyin patentim tugaydi. Uyga ketaman. To‘g‘risi, topgan pulim unaqa ko‘p emas. Boshida rosa qiynaldim. Kredit to‘ladim. Dokumentga pulim yo‘q edi, kredit olib dokument qildim. Kreditni to‘lagandan keyin topganim ko‘p bo‘lmadi. Shunga O‘zbekistonga borib, ish izlab ko‘raman. Hozirgi ustachiligimni aytib, shogirdlikka tusharman balki. Eplab keta olsam kerak. O‘zimizda ham yaxshi ustalar zo‘r topadi-ku. Shunga harakat qilaman. Ming dollarlik oylik deb aytishsa kelmanmi-yo‘qmi…bilmadim, hozir aytolmayman. Agar O‘zbekistonda yana ishsiz qolib ketsam keyin shu ming dollarlik oylik deganiga kelib ko‘rishim mumkin. (bir oz tanaffusdan keyin) E, opa, g‘alati emasmi davlatni o‘zi bor chetga ishlab kel, deb yuborishi? Hozir shuni o‘ylab qoldim-da. Uni o‘rniga kel, mana ish bor demaydimi?!

Siz mahalla tomonidan katta tashviqot bilan aholini chetga yuborish taklifiga qanday qaraysiz? Fikrlaringizni izohlarda kutamiz.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya