372 27/05/2026

Qashqadaryo viloyati sud zallaridan birida o‘qilgan navbatdagi hukm ortida yana bir mehnat migrantining murakkab taqdiri yotadi.

Sud materiallariga ko‘ra, Dehqonobod tumanida yashagan To‘lqin (ismi o‘zgartirilgan) Rossiya-Ukraina urushida qatnashgani uchun 5 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.

Hujjatlarda aytilishicha, To‘lqin uzoq yillar davomida Rossiyaga ishlash uchun qatnab yurgan. U yerda asosan kunlik ishlar, taksichilik va boshqa mehnat bilan tirikchilik qilgan. Rossiyaga ketgan minglab mehnat migrantlari kabi u ham oilasini ta’minlash uchun chet elda ishlashga majbur bo‘lgan.

Ammo 2023-yil oxirida uning hayoti keskin o‘zgargan. Suddagi ko‘rsatmalarga ko‘ra, u yashab turgan uyda yong‘in chiqib hujjatlari yonib ketgan. Shundan so‘ng polisiya tekshiruvlari, hujjat muammolari va noaniq vaziyatlar boshlangan. Shu paytda unga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan kontrakt imzolash taklif qilindi. Evaziga rasmiy hujjatlar, fuqarolik va yuqori maosh va’da qilingan. Sud materiallarida u oyiga 240 ming rubl olishi kerak bo‘lgani qayd etilgan.

Ko‘p o‘tmay To‘lqin Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik shartnoma tuzgan. Hujjatlarga ko‘ra, u avval Rostov- Donga, keyin esa Lugansk viloyatiga yuborilgan. Sud hujjatlarida uning “granatomyotchi” va keyinchalik “katta o‘qchi” sifatida xizmat qilgani keltirilgan.

Urush esa uning tasavvur qilganidan ancha og‘ir bo‘lib chiqdi. Tergov materiallarida aytilishicha, To‘lqin janglarda qatnashgan vaqtda mina portlashi oqibatida boshidan jarohat olgan. Keyin u bir necha harbiy gospitallarda davolangan. Shunga qaramay, yana harbiy qismga qaytarilgan va xizmatni davom ettirgan.

Sudda u o‘zini oqlab, Rossiyadan chiqib ketish uchun mablag‘i bo‘lmagani, deportatsiya va qamoq bilan qo‘rqitilganini aytgan. Shuningdek, u oilasini ta’minlash uchun ish izlaganini, urushga esa og‘ir hayotiy vaziyat sabab kirib qolganini iddao qilgan.

To‘lqinning turmush o‘rtog‘i va qarindoshlari ham sudda uning avval Rossiyaga oddiy ishlash uchun ketganini ta’kidlashadi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, To‘lqin bir necha marta O‘zbekistonga qaytish niyatida bo‘lgan. Hatto sud materiallarida uning Novosibirsk-Toshkent aviachiptasini olgani haqida ham ma’lumot bor. Biroq u oxir-oqibat yana harbiy qismga qaytgan.

Sud esa bu holatni boshqacha baholadi. Hukmda aytilishicha, To‘lqin xorijiy davlat armiyasi bilan ixtiyoriy ravishda kontrakt tuzgan va qurolli harakatlarda ishtirok etgan. Sud uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining yollanish va xorijiy davlat qurolli tuzilmalarida qatnashishga oid moddalari bilan aybdor deb topdi.

Ijara firibgarligi: 5 qiz bir kechada ko‘chada qoldi

Navigatsiya