Ispaniya o’z qishloqlariga ko’chib keladigan masofaviy ishi borlarga 16 620 dollar (1.5 million rubl) to’lashini e’lon qildi.
Ispaniyaning Ambroz nomli vodiyi o’tgan oyda “Ambrozda yasha” deb nomlanuvchi dasturini e’lon qildi. Dastur vodiyga ko’chib kelib, 2 yil yashash shartini nazarda tutadi. Ishtirok etuvchilarga 16 620 AQSH dollariga teng mablag’ to’lanishi haqida “The New York Post” nashri yozmoqda.
Ko’chib kelishning afzalliklari sifatida arzon uy-joy, go’zal tabiat, mahalliy oshxona, Madridgacha 3 soatlik yo’l, Lissabon va okeangacha 2 soatda yetib boorish imkoniyatlari keltirilmoqda. Ispaniya hukumati bunday dasturlar bilan qishloqlarda aholi kamayishining oldini olmoqchi.
Ishtirokchilarga qo’yilayotgan talab – masofaviy ishi bo’lishi deb keltirilmoqda. Ekstremadura mintaqasi hukumatining matbuot xabariga ko’ra, Ambroz vodiysi, doimiy aholi va xizmatlar kamayishidan aziyat chekayotgan hududlardan biridir. Vodiydagi eng katta qishloq – Ervasda atigi 3907 kishi yashaydi, ba’zi qishloqlarda esa 200 dan kam aholi bor. “Bo’sh Ispaniya” deb nomlangan muammoga “Ambrozda yasha” dasturi orqali kurashilmoqda.
“Jamiyat uchun katta foydalardan biri shundaki, raqamli ko’chmanchilar kelib, iste’mol uchun pul sarflaydi”, – deydi mutaxassislardan biri.
Ta’kidlash joizki, Ispaniya masofadan ishlab, yashash joyiga bog’lanmagan “raqamli ko’chmanchilar”ni jalb qilish maqsadida pul sarfalyotgan birinchi mamlakat emas.
“Raqamli ko’chmanchilar”ni izlayotgan mamlakatlar ro’yxati o’sib bormoqda. Bunday mamlakatlar orasida Portugaliya, Italiya va boshqalar bor.