
Ispaniyaning Mursiya mintaqasida joylashgan Torre-Pacheko shahrida bir necha kundan beri notinchlik hukm surmoqda. Hammasi 2025-yil 10-iyulda sodir bo‘lgan voqeadan boshlandi. Domingo ismli 68 yoshli fuqaro qabriston yonida bir guruh yoshlar tomonidan kaltaklangan. Keyinroq uning aytishicha, hujum qilganlar Shimoliy Afrika davlatlaridan (Mag‘rib) kelgan muhojirlar bo‘lishgan. Bu ijtimoiy tarmoqlarda nafrat uyg‘otish uchun bahona bo‘ldi.
Shundan so‘ng o‘ta o‘ng faollar Telegram va boshqa platformalarda “qasos olish” va “migrant oviga” chaqira boshladi. Bunga javoban 12, 13 va 14 iyul kunlari kechqurun shaharda ko‘cha tartibsizliklari boshlandi. Mahalliy aholi muhojirlarga tosh va shisha otib hujum qila boshladi. Ularning mol-mulkiga zarar keltira boshladi. Kamida besh kishi jarohatlangan. Yaxshiyamki, hech kim jiddiy jarohat olmagan.
Ushbu uch kechada polisiya olti kishini, jumladan besh ispaniyalik va bir mag‘riblik muhojirni hibsga oldi.
Politsiya, shuningdek, qariyaning kaltaklangani haqidagi ma’lumotni yashirishga uringan ikki kishini hibsga oldi. Hujum qilgan shaxs aniqlangan, biroq hozircha qo‘ga olinmagan. Rasmiylar uni faol ravishda qidirmoqda.
Torre-Pacheko – 40 mingga yaqin aholisi bo‘lgan kichik shahar. Aholining 30% ga yaqini asosan Shimoliy Afrika davlatlaridan muhojirlar. Mahalliy hokimiyat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda soxta videolar va soxta xabarlar faol tarqalib, agressiyani kuchaytirib, odamlarni sarosimaga solmoqda.
Mahalliy va milliy hokimiyat idoralari tartibni saqlash ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Shaharga kirish joylarida nazorat kuchaytirildi, patrul punktlari tashkil etildi. Fuqarolik gvardiyasi muhojirlarga qarshi namoyishlar tashkilotchilari va internet orqali zo‘ravonlikka undagan shaxslarni aniqlash uchun tergov boshladi.
Vaziyat tarang, ammo nazorat ostida. Rasmiylar tinchlikka chaqirib, adovat qo‘zg‘atish va ko‘cha tartibsizliklarida qatnashish jinoiy javobgarlik ekanligini eslatmoqda.