
Isroil politsiyasi raketa ogohlantirishi paytida suratga olingan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketganidan keyin o‘zbekistonlik fuqaroni hibsga oldi.
Videoda erkak: «Mana hech kim qolmadi, kalamushlar qochib ketdi. Hech kim yo‘q», degan gaplarni aytgan. Video internetda tarqalganidan so‘ng bir isroillik ko‘chada o‘zbekistonlik muhojirni tanib qolib, politsiyaga xabar bergan. Muhojirning ishxonasiga kelgan polisiyachi uni hibsga olib, uni so‘roq qilish uchun olib ketdi.
Hibsga olingan shaxsning ta’kidlashicha, uning so‘zlari isroilliklarga emas, balki tanishlariga qaratilgan bo‘lib, ular ogohlantirish paytida uni yolg‘iz qoldirib, bombapanohga qochib ketishgan. U shuningdek, videoning keng tarqalishini kutmagan holda, o‘z telefonida suratga olganini aytgan.
Hozirda hodisa holatlari bo‘yicha tergov olib borilmoqda.
O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ham ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fuqarolar sirena chalinishi va raketa hujumlari vaqtida video tasvirga olayotgani kuzatilayotgani haqida yozgan. Elchixoan rasman bunday harakatlar mutlaqo nomaqbul ekanini ma’lum qilgan.
Sirena yangragan paytda video olish emas, balki zudlik bilan boshpanaga kirish shart. Bu talab Isroil Front orti qo‘mondonligi tomonidan belgilangan bo‘lib, unga amal qilmaslik qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.