Maqola

514 24/09/2025

Ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan Krasnoyarskdagi tadbir chog‘ida o‘tkazilgan reyd xususida O‘zbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi munosabat bildirdi.

Konsulxona vaziyatga batafsil sharh berar ekan, mazkur konsert Krasnoyarsk o‘lkasining tegishli tashkilot va idoralari bilan belgilangan tartibda kelishilmaganini ma’lum qildi.

«Krasnoyarsk o‘lkasining vakolatli idoralari ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruv davomida O‘zbekiston Respublikasining 8 nafar fuqarosi RFda bo‘lish qoidalarini buzganligi aniqlangan. Ulardan 4 nafariga nisbatan ma’muriy jarima va ma’muriy chiqarib yuborish choralari qo‘llangan, qolgan 4 nafari esa Krasnoyarsk o‘lkasidagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.

Novosibirsk shahridagi O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasi tezkor tarzda ushbu fuqarolarga zaruriy huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda.

Shuni ta’kidlash lozimki, mazkur fuqarolar ushbu binoda o‘zbek estradasi xonandalaridan biri konsert bergani munosabati bilan bo‘lgan. Mazkur konsert Krasnoyarsk o‘lkasining tegishli tashkilot va idoralari bilan belgilangan tartibda kelishilmagan bo‘lib, aynan shu holat mazkur voqeaga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, Bosh konsulxona qayd etadiki, ilgari Novosibirsk shahrida o‘tkazilgan xuddi shunday konsert shahar rasmiy hokimiyati bilan oldindan kelishilgan, to‘la zalda o‘tgan va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan.

E’tiborlisi, Krasnoyarskdagi konsert Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan shaxsiy tartibda tashkil etilgan hamda bunday tadbirlar uchun maxsus jihozlanmagan binoda o‘tkazilgan.

Shu bilan birga, Bosh konsulxona fikricha, Krasnoyarsk o‘lkasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan bunday reydlar huquqiy asosga ega bo‘lishi va madaniy hordiq chiqarishga to‘sqinlik qilmasligi lozim.

Shu o‘rinda, Novosibirsk shahridagi O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasi mazkur Rossiya mintaqasi kuch tuzilmalari harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida barcha zarur hujjatlarni Krasnoyarsk o‘lkasining huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etgan», deyiladi xabarda.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya