Ukrainadagi urush uch yildan ortiq davom etmoqda. Turli tahliliy manbalarga ko‘ra, janglarda har ikki tomondan uch milliondan ortiq odam qatnashgan. Ikkala tomondan qurbonlar sonini hisoblash qiyin, lekin ular bir necha yuz minglab ekanligi aniq.
Ishtirokchilar orasida hamyurtlarimiz ham bor. Bir necha oy avval Ukrainaning “Yashashni istayman” portali Rossiya Qurolli kuchlari saflarida xizmat qilayotgan va urushda qatnashgan O‘zbekiston fuqarolari ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Unda 1110 ta nom bor, ulardan 110 nafari allaqachon halok bo‘lgan.
Biz bu o‘zbekistonliklarning kimligi, ularni pul uchun birovning urushiga borishiga nima turtki bo‘lganini, halok bo‘lganlarning jasadlari qay holda qolganini o‘ranishga harakat qildik.
Aksariyat yurtdoshlarimiz Rossiya Mudofaa vazirligi bilan ixtiyoriy ravishda shartnoma imzolagan. Ayrimlari janglarda qatnashish uchun O‘zbekistonni ataylab tark etgan. Urushga yollovchilar katta pul va hatto Rossiya fuqaroligini va’da qilishadi. Ammo hamma narsa ham va’da qilinganidekmi? Guvohlarning aytishicha, hozirda O‘zbekistonda yollanma askarlik moddasi bo‘yicha jazo o‘tayotganlarning ko‘pchiligi va’da qilingan pulni olmagan. Agar pul olgan bo‘lsa ham, bu aytilgan summadan ancha kam bo‘lgan.
Marhumlarning oilalari ham hech qanday yordam olmagan: ularga faqat o‘lim haqidagi guvohnoma berilgan, ko‘pincha dafn etilgan joy ko‘rsatilmagan. Dafn marosimlari ham achinarli. Marhumlarning hammasi, yuvilmasdan, kafansiz, janozasiz temir tobutlarga solib dafn etilgan. Qarindoshlarga yaqinlari qayerga dafn etilgani haqida ma’lumot ham berilmagan. Xotinlar beva qoldi, bolalar yetim qoldi, ularga tovon puli ham berilmagan.
O‘zingizga bir savol berib ko‘ring: oqil odam o‘limdan keyin ham oddiy hurmat ko‘rsatilmaydigan o‘zgalarning urushiga borishi to‘g‘rimi?
Alijon Aminov, Migrant.uz uchun maxsus