Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘ka tumani 7 yoshli qiz ammasi tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklanishi oqibatida vafot etgani haqida xabarlar tarqadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi xabariga ko‘ra, Bo‘ka tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga joriy yilning 12-mart kuni kech soat 20:00 larda voyaga yetmagan A.Chning ammasi I.N. tomonidan kaltaklangani natijasida shifoxonaga tushganligi haqida xabar kelib tushgan.
Mazkur holat bo‘yicha Markaziy shifoxonaga borib o‘rganilganda, voyaga yetmagan A.Ch.ning jonlantirish bo‘limida yotganligi aniqlangan.
Tibbiyot xodimlarining olib borgan sa’y-harakatlariga qaramay A.Ch. joriy yilning 15-mart kuni vafot etgan. Hozirda fuqaro I.N. ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan hamda Ichki ishlar organlari tomonidan tergov surishtiruv jarayonlari olib borilmoqda.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, 1989-yilda tug‘ilgan fuqaro I.N.ga 2023-yil 15-dekabridagi Bekobod tumani hokimi qaroriga binoan shu tumanda yashovchi voyaga yetmagan jiyanlari — 2011-yilda tug‘ilgan A.M. va 2017-yilda tug‘ilgan A.Ch.larga vasiylik huquqi berilgan.
“Yoshlar kundaligi” blogida yozilishicha, qizaloq joni chiqar paytida do‘xtirga qarab “Onamga ayting, men uni yaxshi ko‘raman, singlimni tashlab Rossiyaga ketmasinlar”, degan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, vahshiy amma dars tayyorlamagani uchun jiyanini o‘lasi qilib kaltaklagan.