Yekaterinburg kasalxonasida odamlarni yong‘indan qutqarib qolgan migrant taksi haydovchisi Rossiyadan chiqarib yuborishga qaror qilindi. Bu ma’lumot Yekaterinburgning Jeleznodorojniy sudi saytida paydo bo‘ldi.
Qirg‘iziston fuqarosi Sulton Abdumalikov Yekaterinburg shahrida mehnat shartnomasisiz taksi haydovchisi bo‘lib ishlagan. 18-noyabr kuni tushdan keyin u 3-sonli markaziy shahar klinik shifoxonasi hududida joylashgan poliklinika tomida alangani payqab qolgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, yong‘in ta’mirlash ishlari olib borilayotgan joyda yuzaga kelgan; binodan 350 ga yaqin odam, jumladan, 50 nafar bola evakuatsiya qilingan.
Natijada bir kishi tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Abdumalikov keksa bemorlarni yong‘indan olib chiqqan, so‘ng yonayotgan binoga qaytib, ikkinchi qavatga ko‘tarilgan va klinika xodimlariga yong‘inni o‘chirishda yordam berish uchun tomga chiqqan. Voqea joyiga o‘t o‘chiruvchilar yetib kelganida, migrant tutundan nafasi bo‘g‘ilib, hushini yo‘qotgan.
Taksi haydovchisining taqdiri uch kundan keyin hal bo‘ldi. U hibsga olindi va 21-noyabr kuni sudya Tatyana Nadelyayeva muhojirni Rossiya Federatsiyasida yashash rejimini buzganlikda aybdor deb topdi. Endi Ma’muriy Kodeksga ko‘ra, u Rossiyadan deportatsiya qilish bo‘yicha majburiy tartibdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Hozir u xorij fuqarolari uchun vaqtinchalik saqlash markazida saqlanmoqda va sud qarorini bekor qilinishiga umid qilmoqda.