Muhojirlarning mingta tashvishi, mingta g‘ami bor. «Birim ikki bo‘lsin», deb turli yoshda vatanni tashlab, xorijga ishga ketganlarning ko‘zi kulsa-da, qalbi mahzun. Bunga sabablardan biri muhojirlarning «sog‘in sigir»dek ko‘rilishi. Do‘stu tanishlarning xorijda «pulni yerdan supurib oladi» deb o‘ylashlari-ku, mayli, ammo o‘z yaqinlarining ana shunday fikr bilan tinmay «pul jo‘nat» deyishlari og‘ir botadi ularga. Eng yomoni, rejasizlik, moliyaviy savodxonlikning yo‘qligi. Qora terga botib topilgan pullar o‘tkinchi xoyu havaslarga sovrilib ketadi: yangi mashina, uy-joy ta’miri, dabdabali to‘ylar, o‘lgan buvisiga kafan, qudasiga arag‘ zavodi degandek. Xorijda «qariyotgan», quvvati so‘nayotgan muhojirning taqdiri hech kimga qiziqmas, ba’zan hatto ona-onasiga ham…
Ayni paytda Yaponiyada yashovchi Bahodir Iskandarov ana shunday og‘riqli masala haqida mulohaza bildirdi:
«Bugun bir qiz «Aka, kvarplataga pulim yetmay qoldi. Yordam qilib tura olmaysizmi?»deb yozib qoldi. U qiz Yaponiyaga kelganida 20 yosh edi. Hozir 30 ga yaqinlashib qoldi. O‘qidi, ishlayapti. Kvartirasiga puli yo‘q. Nimaga? Nafsi o‘pqon, «xarobadan chiqqan millioner» onasi sababli. O‘sha ayolni yeyishga noni ham yo‘q edi. Shu qiz bechora ham o‘qib ham ishlab, uylarini remont qildirdi. Oilasidagilarga mashina olib berdi. O‘zidan oldin singillari erga tegib ketdi. O‘zi haliyam turmushga chiqmagan. Singillariga eng zo‘r sarpolarni majburlab qildiribdi. Eng yomoni, hozirgi oddiy mashina uydagilariga yoqmay qolibdi. «Malibu» olarmish. Mana shu yergacha chidadi bechora qiz. O‘kirib yig‘lab yubordi. «Men-chi? Men qachon turmush quraman? Nimaga ularni yallo qilib yurishiga men xor bo‘lishim kerak», dedi. Rosa yuragim ezildi.
Shaxsan o‘zim bunga o‘xshagan taqdirlarni yuzdan oshig‘i bilan gaplashib ko‘rganman. “Akangga mashina olishimiz kerak, ukanga dang‘illama to‘y qilishimiz kerak, opangni eriga falon qilishimiz kerak” kabi gaplar bilan qurbon bo‘layotgan yoshlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.
Ey, baraka topgurlar, Yaponiyada yurgan qizingiz, to‘yib ovqatlanmayapti. To‘yib uxlamayapti, shunchaki sizlarni nafsingiz yo‘lida qurbon bo‘lyapti. U-bu chiroyli joyda rasm tushgan bo‘lsa, ishga ketayotib yo‘lda olgandir bechoralar. Kechasi bilan ishlab, kunduzi yana ishlayapti. 24 soat ishlayabdi. Tasavvur qilayabsizmi? Siz dugonalaringiz bilan gap-gashtakda, to‘y-hashamda yurganingizda bu bechora uyqusizlikdan boshi aylanib, burni qonab ketib, xor bo‘lib ishlab yuribdi. Bechoralarda shunchalik bosim kattaki, oila ham qurolmaydi. Uyoqdagilarni o‘ylab. Gaplashib ko‘rsangiz, «Menga uy-puy kerakmas, hech narsa kerakmas, qaytmayman» deb zada bo‘lib qolganlari ham ko‘p!
Kuniga 100$ topar ekan deb, nafsingiz battar o‘pqon bo‘lmasin. Kuniga 100$ topsa, odamga o‘xshab yashash uchun 80$ ini harajat qilishi kerak. Ham o‘qish, ham kontrakt to‘lash, ham sizlarni boy qilib ko‘rsatishga harakat qilish juda qiyin!
Keladigan yoshlarimizning deyarli hammasining bo‘ynida yuk. Yemasa- yemaydi, uyoqdagilarni o‘ylaydi. “Endi, Toshkentdan uy olishimiz kerak, qizim”, deb qolishadi. Toshkentdan uymas, u to‘yib ovqatlanishi kerak, o‘qishi kerak, ey baraka topgurlar! Namuncha bosim qilasizlar?
O‘zbekning bolasi siz bosim qilmasangiz ham aka-ukasi, ota-onasini o‘ylaydi. Faqat vaqt bering, oyoqqa turib olsin, o‘zini eplab olsin, keyin o‘zi yordam beradi hammasiga.
Bizning millatdan boshqa millatda ko‘rmadim shunaqa nafsi hakalak otganlarni. Nepal, Hindiston, Vetnamdagilar bizdan qashshoq yashashadi. Ammo, farzandlarini «Yaxshi o‘qi» deb jo‘natishadi. Kelajakda katta-katta natijalarga erishishayapti. Biznikilar bo‘lsa, bechoralar shunchaki o‘zini qurbon qilishadi. Boshqa farzandlaringiz uchun, to‘y-hashamingiz uchun, mahallada tilingiz bir qarich bo‘lishi uchun uni shunchaki qurbon qilib qo‘yaverasizmi?
Ishoning, Yaponiyada ham, boshqa davlatda ham oson pul topib bo‘lmaydi. Bo‘ldi qiling, dang‘illama to‘y, dang‘illama uy, «yana-yana» deb, o‘z vasvasangizni bolaga ham yuqtirmang. Sizga “onam xafa bo‘lmasin”, deb aytolmaydi. Qiynalayotganini sizga ko‘rsatgisi kelmaydi. Birdan, nozik joyiga zarba berasiz: “Men sizlarni qiynalib tuqqanman, falon qilganman, fuston qilganman” deb. Qayerdadir, qaysidir avlod «uy, to‘y, mashina» degan vasvasadan qutulishimiz kerak-ku. Butun dunyo hashamat emas, komfortga qarab ketayabdi.
Xulosayi kalom, ehtiyojga bo‘lsa, so‘rang. Kamolotga so‘ramang. Qudangizni afti qursin! Odamlarning ko‘zi uchun qiladigan to‘yu, boshqa marosimlaringizni rangi raftori qursin!
Erkaklar, keraksiz harajatlarni haddidan oshirayotgan ayolingizga “bo‘ldi qil” deyolmasangiz, tamom bo‘libsiz. Xudo insof bersin hammamizga!”