Maqola

577 11/09/2026

Rossiya Federatsiyasida Davlat migratsiya siyosati konsepsiyasining ijrosi yuzasidan general-polkovnik Andrey Kikot prezident Vladimir Putinga so‘nggi bir yarim yil ichidagi vaziyat bo‘yicha atroflicha hisobot berdi. Uchrashuvda mamlakatdagi mehnat migratsiyasining joriy holati, qonuniy ishlayotganlar ulushining ortishi, jinoyatchilikning kamayishi hamda nazorat tadbirlarining kuchaytirilishi muhokama qilindi.

Kikot tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatga har yili turli maqsadlarda qariyb 9 million nafar xorijlik fuqaro keladi. Muayyan vaqtning o‘zida Rossiya hududida doim 6 milliondan 6,5 milliongacha chet el fuqarolari bo‘lib turadi.

Shulardan,
3 million nafar — mehnat migrantlari;
1,7 million nafar — migrantlarning oila a’zolari;
1 million nafar — boshqa toifalar (turistlar, talabalar, shaxsiy tashrif bilan kelganlar);
800 ming nafar — migratsiya qonunchiligini buzgan va nazoratdagi shaxslar reyestriga kiritilib, qidiruv tadbirlari olib borilayotgan fuqarolar.

Qonuniy migratsiyaning o‘sishi va oila a’zolari bo‘yicha yangi cheklovlar

Mehnat migratsiyasi sohasida qonuniylik darajasi oshgani alohida ta’kidlandi. Jumladan, qonuniy mehnat migrantlarining ulushi 45% dan 50% ga yetgan.
Prezident topshirig‘iga asosan ishlamaydigan oila a’zolarining mamlakatda bo‘lishini cheklash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida 1,7 millionlik ko‘rsatkichga nisbatan kamayishga erishilgani aytildi.

Qonunchilikdagi yangiliklar

Hukumat tomonidan migrantlarning farzandlarini maktablarga qabul qilish bo‘yicha maxsus me’yorlar va mezonlar belgilandi.
2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan yangi federal qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, Rossiyada bo‘lib turgan har bir ishlamaydigan oila a’zosi uchun ishlaydigan xorijlikka soliq solish tizimi joriy etiladi.

Jinoyatchilikning 40% ga kamayishi va uyushgan guruhlarga qarshi kurash

Hisobotda aytilishicha, migrantlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar bo‘yicha jiddiy ijobiy dinamika qayd etilgan.
O‘tgan yili xorijliklar tomonidan 41 000 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarim yilida bu ko‘rsatkich 14 500 taga tushdi. Bu 40% ga keskin pasayishni anglatadi.
Bunday omil Prezident topshirig‘i bilan migratsiya xizmatiga tezkor-qidiruv faoliyati va maxsus moddalar bo‘yicha surishtiruv olib borish vakolatlari berilgani evaziga amalga oshgani ta’kidlandi.

Kikotning fikricha, e’tibor mayda jinoyatlarga emas, balki noqonuniy migratsiya kanallarini tashkil etgan uyushgan jinoiy guruhlar va soxta hujjatlar bosib chiqaruvchi yashirin tipografiyalarni yo‘q qilishga qaratilgan. Natijada aniqlangan uyushgan jinoiy guruhlar soni 30% ga oshgan.

Jinoyatlarning deyarli yarmi Moskva, Moskva viloyati va Sankt-Peterburg hissasiga to‘g‘ri kelgan, qolgan qismi esa boshqa hududlar o‘rtasida (har biriga 2-3% dan) teng taqsimlangan.

Reydlar va ma’muriy deportatsiya

O‘tkazilgan reydlar soni 155 000 taga ko‘paygan bo‘lsa, tekshirilgan yuridik shaxslar (ish beruvchilar) soni 2 baravarga (+43%) oshgan. Ma’muriy tartibda mamlakatdan chiqarib yuborilganlar soni 2,6 baravarga ko‘payib, qariyb 100 000 kishini tashkil etdi (ulardan 75 000 nafari majburiy tartibda deportatsiya qilingan).
Putin nima dedi?

Hisobot davomida Prezident Vladimir Putin migratsiya siyosati konsepsiyasi doirasida migratsiya xizmati oldiga aniq vazifalar qo‘yilganini eslatib o‘tdi.
Shuningdek, qonuniy mehnat migratsiyasi ulushi 50% ga yetgani haqidagi ma’lumotni eshitgach, Putin buni «bu yaxshi ko‘rsatkich» deya ijobiy baholadi.
Ma’muriy tartibda deportatsiya qilinganlar soni 2,6 baravarga oshganini va 100 mingga yetganini qayd etdi.

U migratsiya sohasida operativ-qidiruv vakolatlaridan samarali foydalanish, noqonuniy migratsiya kanallariga barham berish va ishlamaydigan oila a’zolari bo‘lishini tartibga solish mexanizmlarini qat’iy amalga oshirish xususida topshiriqlar berdi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya