
So‘nggi yillarda chet davlatlarda ishlab yurgan ayrim migrantlar oson va katta pul topish ilinjida o‘zi va yaqinlariga zarar keltiruvchi xavfli qarorlar qabul qilmoqda. Ayniqsa, urush bo‘layotgan hududlarga borish, o‘sha joylarda jang qilish takliflariga rozi bo‘lish holatlari ko‘payayotgani tashvishli. Va’da qilinayotgan katta maosh, imtiyoz va fuqarolik haqidagi gaplar ko‘pincha odamlarning ongini chalg‘itadi. Ammo urush — bu na faqat pul, balki jarohat, nogironlik, ruhiy zarba va hatto o‘lim degani. Eng muhimi, bunday harakatlar vataniga qaytgandan so‘ng jinoiy javobgarlikka ham olib kelishi mumkin.
Kogon shahar sudi Rossiya armiyasi safida xizmat qilib, Ukraina hududida harbiy harakatlarda ishtirok etgan 29 yoshli Sh.I.ni 3 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etdi.
Sud materiallariga ko‘ra, Sh.I. 2014-yildan boshlab Rossiyaga ishlash maqsadida borib-kelib yurgan va u yerda uzoq yillar mehnat faoliyati bilan shug‘ullangan. 2023-yilda Rossiya fuqaroligini rasmiylashtirgan, 2024-yilda esa harbiy hisobga qo‘yilib, harbiy guvohnoma olgan.
2025-yil may oyida Magadan shahrida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik harbiy xizmat shartnomasini imzolagan. Shartnoma asosida avval Xabarovskda 14 kunlik tayyorgarlik kursidan o‘tgan — mashg‘ulotlarda qurol ishlatish, taktik harakatlar va harbiy intizom o‘rgatilgan. So‘ngra Ukrainaning Zaporojьye viloyatiga yuborilgan.
2025-yil 21-iyun kuni raketa zarbasi oqibatida jarohat olgan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida uning bel qismi va oyoqlarida portlovchi qurol parchalari ta’sirida o‘rta og‘irlikdagi jarohatlar borligi qayd etilgan.
Davolanishdan keyin harbiy qismni tark etgan o‘zbekistonlik migrant 2025-yil 1-oktyabr kuni Qirg‘iziston orqali vataniga qaytgan. Tergov chog‘ida uning telefonida harbiy kiyimdagi suratlar va Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan berilgan, maxsus harbiy operatsiyalarda ishtirok etgani tasdiqlovchi ma’lumotnoma topilgan.
Sud uni JKning 154-moddasi 1-qismi (yollanma sifatida ishtirok etish) va 154¹-moddasi 1-qismi (chet davlat qurolli tuzilmalarida xizmat qilish) bo‘yicha aybli deb topib, umumiy tartibli koloniyada o‘taladigan 3 yil 6 oylik jazo tayinladi. Hukm ijrosi 2025-yil 9-dekabrdan boshlanadi.
Sud ushbu hukm orqali yana bir bor ta’kidladiki, chet davlat qurolli kuchlari safida xizmat qilish va harbiy harakatlarda qatnashish O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha og‘ir jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.