Maqola

466 13/06/2025

Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev «foydasiz» muhojirlar mamlakatni tark etishi kerakligini aytdi. Uning bu so‘zlari Ichki ishlar vazirligi vakili Irina Volkning Telegram-kanalida paydo bo‘ldi.

Kolokolsev, Rossiyaga kelgan migrant bu yerda noqonuniy yashasa, ishlamasa, o‘qimasa, barmoq izlarini topshirmasa yoki rus tilini o‘rganmasa, u mamlakatda qolmasligi kerakligini aytgan.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, polisiya vaziyatni, ayniqsa, migrantlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni jiddiy nazorat qilishi kerak. U qonunni buzganlar qanday jazolanishini ko‘rsatish muhimligini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, Davlat Dumasi maktab va bog‘chalar migrant bolalar haqida polisiyaga xabar berishi kerakligi haqida yangi qonunni muhokama qila boshladi. Bu haqda Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.

Avvalroq, Leonid Slutskiy boshchiligidagi LDPR deputatlari migrantlar uchun ijtimoiy keksalik pensiyasini bekor qilishni taklif qilgan edi. Ular bu Rossiya fuqarolari uchun pensiyalarni oshirish imkonini beradi, deb hisoblashadi.

May oyida Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin so‘nggi bir yil ichida migrantlar tomonidan sodir etilgan terroristik jinoyatlar soni qariyb 3 barobar, migrantlar ishtirokidagi jinoyatlar soni 15 foizga oshganini iddao qilgan edi. Bastrikin Rossiyaga kelganlarning barchasi uchun majburiy biometrikani, ya’ni barmoq izlari va boshqa ma’lumotlarni taqdim etishni joriy qilishni taklif qildi.

Shuningdek, Sud ijrochilari xizmati rahbari Dmitriy Aristov 2024-yilda Rossiyadan 88 ming noqonuniy muhojir chiqarib yuborilganini eslatgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, 2023-yilda 44 ming kishi chiqarib yuborilgan. Shu tariqa, bir yil ichida Rossiyadan haydalgan migrantlar soni ikki baravar ko‘paygan.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya