Maqola

190 28/01/2025

Kolumbiya AQSHdan muhojirlar bo‘lgan samolyotlarni qabul qilishdan bosh tortdi. Bunga sabab, muhojirlar haqoratomuz tarzda, harbiy samolyotlarda olib kelingani bo‘ldi. Reuters xabariga ko‘ra, Bogota bortida 160 ga yaqin odam bo‘lgan AQSHning ikkita harbiy samolyoti o‘z hududiga qo‘nishga ruxsat bermagan. Bunga javoban Tramp o‘z ma’muriyatiga Kolumbiyadan keladigan barcha tovarlarga 25 foizlik boj joriy etish, Kolumbiya hukumati amaldorlari va ularning barcha tarafdorlari uchun AQSHga kelishni taqiqlash, mamlakat hukumati a’zolari, ularning qarindoshlari va tarafdorlari uchun viza sanksiyalarini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berganini aytdi.

Shuni ham aytish lozimki, Kolumbiya prezidenti ham xuddi shunday 25 foizlik boj solish haqida buyruq bergan.

«Sizning blokadangiz meni qo‘rqitmaydi», dedi Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro AQSH prezidenti Donald Trampga javoban.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliya hukumati AQSHdan deportatsiya qilingan muhojirlarga nisbatan “tahqirlovchi” munosabatdan norozilik bildirgan edi. Braziliya tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, noqonuniy muhojirlarning qo‘llari va oyoqlari tashish vaqtida kishanlangan, samolyotning konditsioner tizimi ishlamagan.

Kolumbiya AQSH prezidenti Donald Trampning sanksiya va Kolumbiya tovarlariga 25 foizlik boj joriy etish qarori ortidan deportatsiya qilinayotgan noqonuniy muhojirlarni qabul qilishga rozi bo‘ldi. Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livittning aytishicha, Bogota «prezident Trampning barcha shartlariga, jumladan, Qo‘shma Shtatlardan qaytgan barcha kolumbiyalik noqonuniy muhojirlarni AQSH harbiy samolyotlarida hech qanday cheklovlarsiz va kechikishlarsiz so‘zsiz qabul qilinishiga rozi».

Shuning ortidan AQSh Kolumbiyaga qarshi sanktsiyalarini to‘xtatdi.

Kolumbiya tashqi ishlar vaziri Luis Gilberto Murilloning so‘zlariga ko‘ra, Bogota va Vashington diplomatik “boshi berk ko‘chadan” chiqib ketgan. Murillo tez orada AQSH poytaxtiga borib, kelishuv ijrosini nazorat qiladi. “Biz deportatsiya qilingan kolumbiyaliklarni qabul qilib, ularga munosib sharoitlarni kafolatlashda davom etamiz”, dedi u.

Witness at the Border tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Kolumbiya 2020-2024 yillar davomida deportatsiya qilingan muhojirlarni olib ketayotgan 475 ta reysni qabul qilgan. Ulardan 124 tasi birgina o‘tgan yilning o‘zida. Gvatemala, Gonduras, Meksika va Salvador qaytarilgan muhojirlarni ko‘proq qabul qildi. Tramp Qo‘shma Shtatlarni noqonuniy muhojirlardan tozalashga, mamlakatda bo‘lib turganlarni deportatsiya qilishga va’da bermoqda.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya