Kasal bo‘lish, ishsiz qolish, hujjatlar uchun pul, vatanga tez pul yuborish… Bu kabi vaziyatlar har bir muhojir boshidan o‘tkazishi mumkin bo‘lgan real hayot. Bunday pallalarda kim yoki nima muhojirga yordam beradi? Bormi shunday beminnat “hojatbaror”? Bor! Bu jamg‘arma!
Aslida jamg‘arma har bir insonda bo‘lishi kerak. Agar sizda xanuz moliyaviy xavfsizlik yostiqcha, oddiyroq qilib aytganda, jamg‘arma yo‘q bo‘lsa, unda quyidagi ma’lumotlar siz uchun foydali.
💼 Jamg‘arishni qayerdan boshlash kerak?
1️. “Ikki konvert” usuli
• Ish haqingizni 2 qismga bo‘ling: xizmat uchun pul va jamg‘arma uchun pul.
• Jamg‘arma uchun ajratgan pulni alohida saqlang – masalan, ikkinchi konvertga yoki alohida kartaga.
• O‘zaro aralashtirmang: jamg‘arma “shuni ham olib qo‘ya qolay” degan pul emas.
2️. Belgilangan summa usuli
• Har oyda aniq summa ajrating (masalan, 5000 rubl).
• Buni o‘zingizga “to‘lash majburiyati” deb qarang.
• Daromad oshsa, jamg‘arma miqdorini ham oshiring.
3️. “Birinchi kun” qoidasi
• Ish haqini olgan kuniyoq jamg‘armaga pul ajrating.
• Hech bo‘lmaganda 10% — bu 1000 rubl bo‘lsa ham yaxshi boshlanish.
• Vaqt o‘tib bu ulushni oshirib boring.
4️. Mayda pullar — katta yordam!
• Qo‘lda qolgan mayda pullarni alohida qutida to‘plang.
• Masalan, 100 rubllik kupyura chiqsa — to‘g‘ri jamg‘arma qutisiga!
• Har kuni mayda summa qo‘shib borish — odatga aylansin.
5️. Maqsadli jamg‘arma
• “Shuncha pul to‘plashim kerak” deb emas, “Avia chipta olaman”, “Avtomobil olaman” deb jamg‘aring.
• Maqsadingizni, summani va muddatni aniq qilib yozing.
• Jamg‘arishda rejali harakat qiling.
6️. Avtomatik jamg‘arma
• Bank ilovasida har oy, yoki ish haqi kelganda, ma’lum qismni avtomatik ravishda jamg‘arma hisobingizga o‘tkazilib turishini sozlang.
• Bu — “esimda chiqibdi”, deb qolmaslikka yordam beradi.
💳 Jamg‘armani qayerda saqlash yaxshi?
✔️ Bankda:
• Ishonchli bankda jamg‘arma hisobini oching;
• Turli valyutada saqlang — masalan, rubl va dollar (valyuta siljishiga qarshi himoya);
• Oxirgi paytda “metall hisoblar” ham ommalashmoqda — oltin va kumushda jamg‘arish.
💵 Naqd pulda:
• Uyda, seyfda yoki ishonchli joyda;
• Jamg‘arma pulni 2-3 qismga bo‘lib saqlang;
• Inflyasiya (pul qadri tushishi) haqida unutmang.
❌ Jamg‘arishda yo‘l qo‘yiladigan xatolar:
🚫 Rejasiz jamg‘arish
• “Bo‘lsa bo‘lar” degan munosabat — bu jamg‘arma emas.
• Aniq maqsad va reja bo‘lmasa, pul sarf bo‘lib ketishi mumkin.
🚫 Hamma pulni bitta joyda saqlash
• Agar o‘sha joyda bir muammo bo‘lsa — hammasi yo‘qolishi mumkin.
• Turli maqsad uchun jamg‘arilgan pullar aralashib ketadi.
🚫 Faqat ortib qolganini jamg‘arish
• Odatda ortib qolmaydi 😉
• Bu usul — “intizomsiz jamg‘arish”ning klassik namunasi.
📢 Esda qolsin: Jamg‘arish — bu boylik uchun emas, osoyishta hayot uchun kerak. Ertagaga ishonch, kutilmagan vaziyatlarda xavfsizlik va orzu qilishga haqli bo‘lish uchun!
👉 Bu maqolani do‘stlaringizga ham yuboring. Keyingi maqolada qarzlardan qanday qutulish mumkinligi haqida gaplashamiz!