
So‘nggi kunlarda Koreyaga ishchi yuborish tizimi atrofidagi korrupsiya iddaolari keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Migratsiya agentligining Koreyadagi sobiq vakolatxona rahbari Azizbek Toshtemirov o‘zining «Koreya 24 soat» Telegram-kanali orqali audioyozuvlar, yozishmalar va boshqa materiallarni e’lon qilib, agentlik rahbariyatiga nisbatan qator jiddiy ayblovlarni ilgari surmoqda. Uning iddaolari Koreyaga ishchi yuborish jarayonidagi korrupsion sxemalardan tortib, qimmatbaho sovg‘alar, shaxsiy buyurtmalar va davlat mablag‘lari bilan bog‘liq masalalarni ham qamrab olmoqda.
Agentlikning javobi: «Korrupsiya bo‘lgan, ammo hozirgi rahbariyatning unga aloqasi yo‘q»
Aziz Toshtemirov tomonidan ilgari surilayotgan iddaolar keng muhokama qilinayotgan bir paytda Migratsiya agentligi ham o‘z pozisiyasini bayon qildi. Agentlik matbuot kotibi Gulruh To‘layevaning Qalampir muxbiri bilan suhbatda ta’kidlashicha, jamoatchilik muhokama qilayotgan holatlarni baholashdan oldin Koreyaga ishchi yuborish tizimi qanday ishlaganini tushunish muhim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda xorijga mehnat migratsiyasi bo‘yicha eng yuqori talab har doim Janubiy Koreya yo‘nalishiga bo‘lgan. Ayniqsa, 2021–2023 yillarda koreys tili imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan minglab fuqarolar Koreyaning EPS elektron bazasiga kiritilgan. Bu tizimda nomzod ikki yil davomida ish beruvchi chaqiruvini kutadi. Biroq, muammo shundaki, bazadagi nomzodlar soni ajratiladigan kvotalardan bir necha baravar ko‘p bo‘lgan. Masalan, o‘n mingdan ziyod nomzod navbat kutib turgan bir vaqtda Koreya O‘zbekiston uchun yiliga atigi uch-to‘rt mingta ish o‘rni ajratgan. Agentlik fikricha, aynan mana shu nomutanosiblik noqonuniy vositachilar va korrupsion takliflarning paydo bo‘lishiga zamin yaratgan.
Matbuot kotibi shu nuqtada muhim bir fikrni ham aytdi. U avvalgi yillarda korrupsiya holatlari kuzatilganini inkor etmadi. Aksincha, talab yuqori bo‘lgan har qanday tizimda bunday xavflar yuzaga kelishini tan oldi. Biroq, uning ta’kidlashicha, bugun muhokama qilinayotgan holatlar hozirgi rahbariyat faoliyati bilan emas, agentlik qayta tashkil etilgunga qadar amal qilgan tizim bilan bog‘liq.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Behzod Musayev rahbarlikka kelgach, Koreya yo‘nalishidagi ishlash tartibi tubdan o‘zgartirilgan. Ilgarigi tizimda faoliyat yuritgan xodimlar, jumladan, Aziz Toshtemirov ham ishdan bo‘shatilgan. Bu yil o‘tkazilgan koreys tili imtihonlarida esa Migratsiya agentligi umuman ishtirok etmagan. Jarayon to‘liq Davlat test markazi tomonidan besh bosqichli nazorat asosida tashkil etilgani ta’kidlandi. Shu bois agentlik hozirgi rahbariyatni avvalgi korrupsiya holatlari bilan bog‘lash uchun asos yo‘qligini bildirdi.
Matbuot kotibining aytishicha, jamoatchilik muhokama qilayotgan ayrim korrupsiya holatlari aynan agentlikning komplayens tizimi va kelib tushgan murojaatlar natijasida aniqlangan hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Ya’ni agentlik o‘zini ushbu qonunbuzilishlarni yashirgan emas, aksincha, ularni aniqlashda ishtirok etgan tashkilot sifatida ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, agentlik rahbariyatiga nisbatan bildirilayotgan ayblovlar qat’iy rad etildi. Matbuot kotibi Behzod Musayevning ijtimoiy tarmoqlarda tilga olinayotgan korrupsiya sxemalariga hech qanday aloqasi yo‘qligini bildirdi. Bu agentlikning eng qat’iy pozisiyalaridan biri bo‘ldi.
Biroq bu bayonotlar jamoatchilikda paydo bo‘lgan barcha savollarga javob bermaydi. Chunki agentlik avvalgi tizimda korrupsiya holatlari bo‘lganini tan olar ekan, ular aynan qaysi mansabdorlar ishtirokida sodir etilgani, bu ishlar bo‘yicha nechta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, nechta shaxs javobgarlikka tortilgani haqida ma’lumot bermadi. Shu bois korrupsiyaning mavjudligi tan olingan bo‘lsa-da, uning haqiqiy ko‘lami va unda kimlarning mas’ul bo‘lgani haqidagi savollar hali ham ochiq qolmoqda.
Aziz Toshtemirovning o‘ziga kelsak, agentlik uning chiqishlariga ham izoh berdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, u bir yildan ortiq vaqt avval ishdan bo‘shatilgan. Agar uning qo‘lida ha
[03.07.2026 10:44] Bexato: qiqatan ham korrupsiyani tasdiqlovchi dalillar bo‘lganida, ularni shu vaqt ichida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etishi mumkin edi. Shu bilan birga, agentlik rahbariyati bunday materiallar rasman taqdim etilsa, tergov bilan hamkorlik qilishga va qonun doirasida barcha savollarga javob berishga tayyor ekanini ham ma’lum qildi.
Bu yerda ikki tomonning pozisiyasi o‘rtasida asosiy ziddiyat yaqqol ko‘rinadi. Aziz Toshtemirov o‘zini korrupsiyani ochiqlagan shaxs sifatida ko‘rsatmoqda va aynan shu sabab ishdan bo‘shatilganini iddao qilmoqda. Migratsiya agentligi esa, aksincha, uni korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanib, ishdan bo‘shatilgan sobiq xodim sifatida tavsiflab, bugungi ayblovlarini ishonchli deb hisoblamasligini bildirmoqda.
Shunday qilib, mojaroning ushbu bosqichida bir-biriga mutlaqo zid bo‘lgan ikki pozisiya shakllangan. Bir tomon o‘zini korrupsiyani fosh qiluvchi sifatida ko‘rsatmoqda, ikkinchi tomon esa uning barcha da’volarini rad etib, amalda aynan yangi rahbariyat korrupsion holatlarni aniqlab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etganini ta’kidlamoqda.
Audioyozuvlar, qimmatbaho sovg‘alar va Hyundai Palisade haqidagi bahslar
Mojaroning eng ko‘p muhokama qilingan qismi aynan Aziz Toshtemirov o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilayotgan audioyozuvlar va yozishmalar bilan bog‘liq. Agar avvalgi iddaolar asosan Koreyaga ishchi yuborish tizimidagi ehtimoliy korrupsiya haqida bo‘lgan bo‘lsa, keyingi materiallarda asosiy e’tibor shaxsiy muloqotlar va rahbariyatga tegishli ekani iddao qilinayotgan buyurtmalarga qaratildi.
Kanalda e’lon qilingan audioyozuvlarda rahbarga tegishli ekani aytilgan ovoz turli qimmatbaho buyumlarni Koreyadan olib kelish bo‘yicha topshiriqlar berayotgani iddao qilinadi. Toshtemirovning ta’kidlashicha, gap oddiy sovg‘alar haqida emas, balki Koreyada sotiladigan premium kosmetika mahsulotlari, qimmat tish pastalari, turli brend tovarlari hamda premium toifadagi «marmar go‘sht» kabi mahsulotlar haqida ketmoqda. U bu holatlarni xizmat munosabatlaridan tashqari shaxsiy ehtiyojlar uchun berilgan ko‘rsatmalar sifatida baholamoqda.
Migratsiya agentligi esa bu audioyozuvlarga ehtiyotkor munosabat bildirmoqda. Matbuot kotibi Gulruh To‘layevaning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan audiolardan yakuniy xulosa chiqarishga hali erta. Uning fikricha, internetga joylangan ovozli xabarlar to‘liq emas, ayrim qismlari kesib olingan yoki kontekstdan uzib olingan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun suhbat nima haqida bo‘lgani, ovoz kimga tegishli ekani va muloqot qanday sharoitda kechganiga faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan rasmiy ekspertiza baho berishi mumkin.
Matbuot kotibi e’tibor qaratgan yana bir jihat shundaki, hozircha mazkur audioyozuvlar yuzasidan hech qanday rasmiy ekspertiza xulosasi jamoatchilikka e’lon qilinmagan. Demak, ovozning aynan kimga tegishli ekani, yozuvlar tahrir qilingan-qilinmagani yoki ularning haqiqiyligi haqida hozircha rasmiy tasdiq mavjud emas.
Jurnalist tomonidan audiolardagi ovoz haqiqatdan ham Behzod Musayevga tegishlimi, degan savol qo‘yilganda ham agentlik bu borada aniq tasdiq yoki inkor bermadi. Matbuot kotibi suhbat aynan kimlar o‘rtasida bo‘lganini ayta olmasligini bildirdi va bu masala ham ekspertiza orqali aniqlanishi lozimligini ta’kidladi. Bu esa agentlikning mazkur audiolar yuzasidan hozircha qat’iy huquqiy baho berishdan tiyilayotganini ko‘rsatadi.
Mojaroning yana bir shov-shuvli qismi Hyundai Palisade avtomobili haqidagi iddaolar bo‘ldi. Aziz Toshtemirovning ta’kidlashicha, agentlik rahbariyati uchun Koreyadan maxsus jihozlangan, salonida yotib dam olish imkoni mavjud bo‘lgan Hyundai Palisade avtomashinasini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan. Uning iddaosiga ko‘ra, avtomobilning qiymati taxminan 150 ming AQSH dollarini tashkil etgan va uning xarajatlari agentlik mablag‘lari hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan.
Bu ayblov ham jamoatchilikda katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Chunki gap davlat muassasasi mablag‘laridan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi da’vo haqida ketmoqda.
Biroq Migratsiya agentligi bu iddaoni ham rad etdi. Matbuot kotibi agentlik balansida hech qachon bunday Hyundai Palisade avtomashinasi bo‘lmaganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, agentlikka na mazkur avtomobil kelib tushgan, na u davlat mulki sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Shu bois faqat ayrim audioyozuvlar yoki yozishmalar asosida davlat mablag‘lari sarflangani haqida xulosa chiqarish mumkin emas.
Gulruh To‘layeva shu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, Aziz Toshtemirovning aynan qidiruvga berilganidan keyin shunday mazmundagi materiallarni e’lon qila boshlagani ham jamoatchilikda tabiiy savollar tug‘diradi. Agar uning qo‘lida haqiqatan ham jinoyatni tasdiqlovchi dalillar bo‘lsa, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali emas, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilinishi kerak edi.
«Korrupsiya kanallari aynan hozirgi rahbariyat davrida yopildi»
Migratsiya agentligi matbuot kotibi Gulruh To‘layeva «Diplomat» muxbiri Anora Sodiqovaga bergan intervyusida esa korrupsiya holatlari tasodifan emas, balki agentlikning o‘zi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda aniqlanayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun ochilayotgan ko‘plab holatlar aynan Migratsiya agentligi tashabbusi bilan tegishli idoralarga yuborilgan materiallar asosida yuzaga chiqqan. Bu orqali agentlik o‘zini korrupsiyani yashirayotgan emas, aksincha uni fosh qilishda ishtirok etayotgan tashkilot sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda.
Matbuot kotibi korrupsiyani «ikki tomon ham manfaatdor bo‘lgan yashirin jinoyat» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bunday jinoyatlar odatda ishtirokchilardan biri murojaat qilmaguncha yoki tizimdagi noqonuniy mexanizm ishlashdan to‘xtamaguncha ochilmaydi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, Gulruh To‘layeva hozirgi rahbariyat davrida korrupsiya holatlari ko‘paygan emas, aksincha, avval amal qilib kelgan noqonuniy kanallarga chek qo‘yilgani uchun ular ochila boshlaganini bildirdi. Uning fikricha, ilgari pul berib ishini hal qilib kelgan ayrim shaxslar korrupsion mexanizmlar ishlamay qolgach, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni boshlagan. Shu sababli bugun ko‘plab holatlar oshkor bo‘lmoqda.
Matbuot kotibi, shuningdek, aholini turli firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Uning aytishicha, o‘zini Migratsiya agentligining sobiq xodimi deb tanishtirib, tanish-bilish orqali ishni tezlashtirib berishni va’da qilayotgan shaxslarga ishonmaslik lozim. Bunday holatlarga duch kelgan fuqarolardan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki Migratsiya agentligining 1282 qisqa raqamiga murojaat qilish so‘raldi.
Ochiq qolayotgan savollarga javob topiladimi?
Bu mojaroda diqqatni tortadigan jihat shundaki, har ikki tomon bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi pozisiyani egallamoqda. Aziz Toshtemirov e’lon qilayotgan audioyozuvlar va hujjatlarni korrupsiyani isbotlovchi materiallar sifatida baholamoqda. Migratsiya agentligi esa ularning haqiqiyligi hali tasdiqlanmagani, kontekstdan uzib olingan bo‘lishi mumkinligi va bu kabi materiallarga faqat huquqiy ekspertiza baho berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ayni paytda mazkur bahsning markazida turgan asosiy savollar hali ochiq qolmoqda. E’lon qilingan audioyozuvlar aslmi? Ular tahrir qilinmaganmi? Ovoz haqiqatdan ham iddao qilinayotgan shaxsga tegishlimi? Hyundai Palisade haqidagi da’volarni tasdiqlovchi rasmiy hujjatlar mavjudmi? Bu savollarga hozircha rasmiy javob berilgani yo‘q. “Vatandosh” tahririyati bu ochiq savollarga to‘liq rasmiy javoblar berilgunga qadar vaziyatni kuzatishda davom etadi.