Maqola

632 09/12/2025

O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Koreyaning ayrim yirik korxonalarida o‘zbek ishchilarining xatti-harakatlari bo‘yicha norozilik holatlari kuzatilmoqda. Ayniqsa, “Hyundai Samho Heavy Industries” korxonasida sodir bo‘lgan holat katta xavotir uyg‘otdi.

Migratsiya agentligi ma’lumoticha, 2022-yili Ye-9 vizasi bilan ishga yuborilgan o‘zbekistonlik migrant zavod hududida 500 kilogramm mis (qiymati 17,5 ming dollar) o‘g‘irlayotgan paytda qo‘lga olingan. U bilan birga bo‘lgan ikki tanishi voqea joyidan qochib ketgan.

Shu zavodda 590 nafar o‘zbekistonlik ishlayotgani ma’lum qilindi. Ammo bu kabi huquqbuzarliklar tufayli korxona ma’muriyati o‘zbek ishchilariga nisbatan munosabati yomonlashayotgani, kelgusida O‘zbekiston fuqarolari bilan shartnoma tuzish to‘xtatilishi mumkinligi aytilmoqda. Shuningdek, boshqa ish beruvchilar ham o‘zbek ishchilariga nisbatan cheklovlar qo‘yishi ehtimoli yuqori ekani ta’kidlandi.

Elchixonaning fikricha, bunday holatlar nafaqat ayrim shaxslarga, balki ko‘plab vatandoshlarning ish imkoniyati va obro‘siga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Migratsiya agentligi Koreyadagi barcha fuqarolarga qonunga rioya qilish, ish joyi qoidalarini buzmaslik, noqonuniy harakatlardan uzoq turish zarurligini eslatdi. Agentlik ta’kidlashicha, bir shaxsning xatosi yuzlab hamyurtlarning kelajagiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

 

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya