
Mehnat muhojirligiga otlangan har bir odamning asosiy vazifasi o‘zi borayotgan mamlakat tilini bilish. Begona jamiyatga tez moslashish, muammolardan uzoq bo‘lish, noqulay vaziyatga tushib qolmaslik va umuman yaxshi pul topish uchun ham til bilish kerak.
Xo‘sh, koreys tilining qanday o‘ziga xosliklari bor?
– Avvalo shuni aytish kerak, o‘zbek tili va koreys tili grammatikasi, ya’ni gap qurilishi tartibi bir-biriga juda o‘xshash, shuning uchun boshqa tillarga qaraganda o‘rganish osonroq;
– o‘zbek tili grammatikasidagi kabi koreys tilida ham kattalarga va boshqa odamlarga hurmat mazmunida sizlab gapirish bilan, yaqin tanishiga sensirab gapirishning farqi bor, shuning uchun tilni yaxshi o‘zlashtirib, bu qoidalarga amal qilib gapirish juda muhim hisoblanadi;
– Kundalik hayotda “Anneong-hase-yoyo” – salom, “Kamsahamnida”— Rahmat, “Mianhamnida”- “kechirasiz” so‘zlari ko‘p qo‘llaniladi.
2024 yildan boshlab Ye-9 vizasi orqali ishlayotgan xorijiy fuqarolardan mehnat shartnomalarini tushunish darajasida koreys tilini bilish talab etilmoqda. Bunga tayyor bo‘lish uchun O‘zbekistonda o‘tkaziladigan TOPIK Basic yoki EPS-TOPIK imtihonlariga tayyorlanish foydali.
Koreys tilini qanday o‘rganish mumkin?
Birinchi navbatda “Ibrat farzandlari” loyihasining Ibrat Academy mobil dasturi va Youtube’dagi sahifasidan o‘zbek tilida o‘rganish mumkin.
(Ibrat farzandlari)
Shuningdek, “Papago”, “Naver Dictionary” va “Duolingo kabi bepul mobil ilovalar orqali mustaqil o‘rganish mumkin. Kuniga atigi 20 daqiqa ajratsangiz ham, asta-sekin tilga ko‘nikasiz.
Qolaversa, Koreya adliya vazirligi va immigratsiya xizmati ham socinet.go.kr saytida Koreys tili va madaniyati kursi ( 사회통합프로그램 / KIIP) dasturini yo‘lga qo‘ygan. Bu dastur boshqa pulli kurslarga nisbatan juda arzon hamda unda til bilan birga madaniyat, tarix, jamiyat, qonunchilik kabi mavzular haqida ham chuqur ta’lim beriladi.
Endilikda, EPS-TOPIK imtixonidan o‘tganlar uchun EPS-Edu_Uzbekistan saytida maxsus bepul onlayn koreys tili platformasi ishga tushirilgan.
Bu platforma orqali siz:
– Koreys tilidagi bilim va ko‘nikmalaringizni mustahkamlaysiz;
– Turli mashqlar va testlar yordamida o‘z darajangizni sinab ko‘rasiz..
Psixologik moslashuv
Chet elda ishlash — bu faqat ish emas, balki emosional va ruhiy sinov hamdir. Yolg‘izlik, sog‘inch, til bilmaslikdan kelib chiqadigan tushkunlik — tabiiy holat. Muammo tug‘ilganda, boshqa yurtdoshlaringiz bilan suhbatlashish, maslahat olish, ijobiy narsalarga e’tibor qaratish kerak.
– agar birinchi marta uzoq muddatli chet el safariga chiqayotgan bo‘lsangiz, yaqinlardan uzoqlashish, yangi muhitga, yangicha urf-odatlarga boshida ko‘nikishga biroz qiyindek tuyulishi mumkin, ammo bu hol faqat sizda emas, balki ko‘pchilikda bo‘ladi. Shuning uchun o‘zligingiz va o‘z madiyatingizni saqlab qolgan holda yangiliklarga, yangi madaniyatga hurmat va ochiqlik bilan yondoshsangiz, kundalik hayotga ancha oson moslashasiz.
Ha, yana bir gap: Koreyada o‘zingiz yashayotgan hududga yaqin o‘zbek hamjamiyatlarini topib, hamyurtlar bilan birga bo‘lishga, o‘zbek jamiyatlari uyushtiradigan tadbirlarda qatnashishga harakat qiling. Bu ham ruhiy tomondan yordam beradi, ham Koreyaga moslashish uchun ko‘prik bo‘ladi!
Xulosa qilib aytganda, til o‘rganish va psixologik tayyorgarlik — Koreyaga muvaffaqiyatli moslashishning ikki asosiy kalitidir.