134 23/12/2025

Ann-yong-hase-yooo!

Janubiy Koreyada yashash — bu nafaqat ish, balki boshqa xalq madaniyati va odatlarini tushunishdir. Koreys jamiyatida katta yoshdagilarga hurmat — eng muhim qadriyat.

Suhbat paytida bosh egib salomlashish, ikki qo‘l bilan narsani uzatish va sizdan yoshi kattaga «panmal» emas, balki — hurmat tilida gapirish odobdan hisoblanadi.

Ayniqsa, yoshi kattalar bilan gaplashganda, doimiy ko‘zga tik qarash ba’zida agressiya yoki hurmatsizlik sifatida talqin qilinishi mumkin.

Ovqatlanish paytida katta yoshli inson qoshiqni birinchi bo‘lib og‘izga solmaguncha, qolganlar ovqatga tegmaydi.

Hech qachon ovqat vaqtida “pap”, ya’ni guruchga cho‘kkarak (tayoqcha) sanchib qo‘ymang! Bu harakat Koreyada motam va dafn marosimini eslatadi.

Nimalarni bilish muhim?

-Kelishilgan vaqtda, kelishilgan joyda bo‘lish kerak. O‘zaro kelishilgan va’dalarga jiddiy qaraladi va qat’iy amal qilinadi! Kech qolish, va’dasida turmaslik jiddiy hurmatsizlik hisoblanadi. Uzrli holatlarda oldindan xabar berib qo‘yish kerak.

– Ishga jiddiy yondoshish, topshiriqni sifatli bajarish boshliqlar va hamkasblar bilan o‘zaro yaqin va ishonchli munosabat o‘rnatishga yordam beradi;

– hafta oxiri yoki dam olish kunlarida ba’zan ishxona hisobidan tashkil qilinadigan jamoaviy yig‘ilib taomlanish, ya’ni 회식 xeye-shik Koreya madaniyatining ajralmas qismidir. Shunday yig‘ilishlarga imkon qadar qatnashing, yanada yaqinlashasiz. Agar sog‘liq, shaxsiy parhez yoki diniy-e’tiqodiy sababrga ko‘ra ayrim taomlarni va ichkiliklarni iste’mol qilish sizga to‘g‘ri kelmasa, buni boshidanoq samimiy va ochiq usulda tushuntiring!

– jamoat transportlari, jumladan, avtobus, metro, poyezd, shaharlararo avtobus, kema va boshqalar odatda belgilangan vaqtga qat’iy amal qilib qatnaydi, hatto bir daqiqaga kech qolsangiz, ulgurmasligingiz mumkin;

– Jamoat transporida o‘zaro yoki telefon orqali baland ovozda gaplashmang, video ko‘rmang, audio eshitmang. Transportda imkon qadar odamlardan masofa saqlab turing.

– Magazin, transport, apteka va boshqa joylarda navbatda turish tartibiga rioya qiling.

– Chiqindilar kechasi, ya’ni quyosh botganidan boshlab tong otguncha bo‘lgan vaqt davomida, maxsus joyga tashlanadi. Aks holda katta jarimalar to‘lashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Qog‘oz, metal/temir, plastmassa va shisha kabi qayta ishlanadigan chiqindilar esa har biri alohida-alohida ajratilib, tegishli qutilarga tashlanadi;

– Agar sizga nisbatan huquqbuzarlik sodir bo‘lsa, 112 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Muammo polisiya va sud orqali hal qilinadi. Sizga nisbatan kuch ishlatgan, jarohat yoki zarar yetkazgan kishiga qarshi siz ham kuch ishlatib, jarohat yoki zarar yetkazishga urinmang! Bu har ikkala tomonning ham javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi!

Koreya madaniyatini bilish – sizning yangi jamiyatga tezroq moslashib ketishingizga yordam beradi.

Annyong keseyooo!

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya