Janubiy Koreyada noqonuniy yurgan o‘zbekistonliklar uchun «yashil yo‘lak» orqali mamlakatdan chiqib ketish muddati 2025-yilning 31-yanvarigacha uzaytirildi.
Migratsiya agentligining Seuldagi vakolatxonasi va Koreya Adliya vazirligi o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida imzolangan hujjatga ko‘ra, 30-noyabr kuni tugashi lozim bo‘lgan “yashil yo‘lak” loyihasi uzaytirildi, deb xabar bermoqda Migratsiya agentligi matbuot kotibi.
Ma’lum bo‘lishicha, “yashil yo‘lak” doirasida ko‘rsatilgan muddat ichida noqonuniy ishlab, yashab yurgan o‘zbekistonliklar Koreyani ixtiyoriy tark etsa jarimalardan ozod etiladi va keyinchalik Koreyaga qayta kirishi yengillashadi.
Hozirgi vaqtda Koreyada noqonuniy yurgan o‘zbekistonliklar qancha vaqt davomida noqonuniy yurganiga qarab, mamlakatdan chiqib ketayotganida jarima to‘laydi va Koreyaga qaytib kelishi qiyinlashadi.
Agar noqonuniy ravishda o‘zbekistonliklar:
− 1 oydan kam yurgan bo‘lsa 1 mln von (716$)
− 1 oydan 3 oygacha yurgan bo‘lsa 1,5 mln (1074$)
− 3 oydan 6 oygacha yurgan bo‘lsa 2 mln (1432$)
− 6 oydan 1-yilgacha yurgan bo‘lsa 4 mln (2864$)
− 1-yildan 2-yilgacha yurgan bo‘lsa 7 mln (5012$)
− 2-yildan 3-yilgacha yurgan bo‘lsa 10 mln (7160$)
− 3-yildan 5-yilgacha yurgan bo‘lsa 20 mln (14321$)
− 5-yildan 7-yilgacha yurgan bo‘lsa 25 mln (17902$)
− 7-yildan ko‘p bo‘lsa yurgan bo‘lsa 30 mln (21482$) miqdorida jarima to‘laydi.
Migratsiya agentligi matbuot kotibining xabar berishicha, “yashil yo‘lak” muddati tugaganidan so‘ng o‘zbekistonliklar Koreyada yana qoladigan bo‘lsa, Migratsiya agentligi tomonidan shartnoma bandlariga ko‘ra fuqaro yoki uning kafiliga nisbatan:
− katta miqdorda jarima (har bir oy uchun 2000$);
− Koreya tomonidan qayta kirishga taqiq qo‘llaniladi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun Koreya Adliya vazirligining saytiga tashrif buyurish yoki Migratsiya agentligining Seuldagi vakolatxonasi 02-2285-1341 (Asilbek Abdumutalov, Saida Adhamova) bilan bog‘lanish mumkin.