
Janubiy Koreyada ishlash uchun migratsiya tartib-qoidalari va mehnat qonunchiligidan boxabar bo‘lishingiz kerak.
Asosiy immigratsiya va mehnat qilish tartib-qoidalari:
Vatandoshlarimiz Janubiy Koreyaga ishga, asosan E-9 vizasi bilan borishadi. Bu Koreyaning immigratsiyaga oid bo‘lmagan ish vizasi bo‘lib, malakasiz lavozimlarda, ya’ni ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va xizmat ko‘rsatish sohasida ishlashni istagan xorijiy fuqarolar uchun mo‘ljallangan.
– E-9 vizasi bilan ishga borgandan so‘ng, boshqa ish qidirish yoki ish joyini o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, bunga belgilangan cheklovlar va majburiyatlar bor. Istagan vaqtda ishni o‘zgartira olmaysiz.
-E-9 vizasi bilan Koreyaga kirib kelgandan keyin 90 kun ichida hududiy immigratsiya bo‘limiga borib, ro‘yxatdan o‘tish va ID karta olish uchun hujjat va barmoq izlarini topshirish lozim.
-Immigratsiya bo‘limiga borishdan oldin hikorea.go.kr rasmiy sayti orqali joy band qilib unutmang!
-Pasportingizni yangilasangiz yoki o‘zgartirsangiz, 15 kun ichida immigratsiya bo‘limiga xabar bering!
– Viza muddati pasport muddatiga cho‘zib beriladi. Ya’ni, pasport muddati kam qolganida, viza muddati bundan ko‘pga cho‘zib berilmaydi.
– Koreyada yashash manzilingiz o‘zgarsa, 15 kun ichida immigratsiya bo‘limiga xabar berish lozim. Buni eng yaqin mahalliy hokimiyat, ya’ni 구청, 시청 – kuchong, shichong yoki mahalla qo‘mitasi 주민센터 orqali ham amalga oshirish mumkin.
– Immigratsiya bo‘limi tomonidan berilgan ID karta yo‘qotib qo‘yilganda 15 kun ichida immigratsiya bo‘limiga xabar berish va yangi ID karta uchun hujjat topshirish lozim;
– Viza muddati tugashiga 4 oy qolgan paytdan boshlab cho‘zdirishga topshirish mumkin. Oxirigacha kutmaslik tavsiya qilinadi;
– Viza bilan bog‘liq har qanday savollarga javobni Immigratsiya xizmatining bir nechta tilda ishlovchi 1345 raqamli bepul ma’lumot-markazidan olishingiz mumkin;
– Ish boshlashdan oldin, albatta yozma ravishda shartnoma tuzing va uning bir nusxasini o‘zingizda saqlang!
– Mehnat shartnomasida ish turi, ish vaqti, maosh, maosh to‘lov kuni va dam olish kunlari ko‘rsatilishi lozim.
– Koreyada eng kam ish haqi, ya’ni 최저임금 2025 yilda soatiga 10,030 Koreya voni. 2026 yildan boshlab esa soatiga 10, 320 Koreya voni etib belgilangan;
– Kundalik ish 8 soat va haftalik ish esa 40 soat qilib belgilangan. Agar kuniga 8 soatdan ortiq ish qilish so‘ralsa, buning uchun sizning ham roziligingiz kerak;
– Qo‘shimcha ishlangan soatlar uchun eng kam ish haqining 1,5 barobari, dam olish kunlari va kechki smenadagi qo‘shimcha ish soatlari uchun 2 barobargacha haq to‘lanishi shart;
– 8 soatlik ish kunida 1 soatlik tanaffus, haftada 1 kun dam olish kuni bo‘lishi kerak;
– har oy ish beruvchi tomonidan ish haqi haqidagi ma’lumotnoma berilishi shart. Unda berilgan va olib qolingan summa ko‘rsatilgan bo‘ladi. Bu hujjatlarni saqlab qo‘ying, ish beruvchi bilan nizo chiqqanda dalil sifatida kerak bo‘ladi;
– bir joyda uzluksiz ravishda uzoq muddat ishlagan taqdiringizda, har to‘liq 1 yil uchun qo‘shimcha bonus to‘lanishi mumkin;
– Pasport, ID karta, haydovchilik guvohnomasi, bank kartasi, bank kitobchasi, tibbiy sug‘urta kartasi kabi shaxsiy hujjatlaringizni boshqalarga foydalanish uchun aslo bermang. Bu ish Koreyada jinoiy javobgarlikkacha sabab bo‘lishi mumkin.
– Agar ish davomida murakkab vaziyatlarga duch kelsangiz, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining 002-800-0000-1282 bepul telefon raqamlariga yoki Koreyadagi vakolatxonasiga murojaat qiling. Tel: 02-2285-1341, 02-2285-1342
TITR: Manzil: Seul shahri, Jung-gu, Jangchungdan-ro 213, 10-qavat, 1103 (Donghun binosi) Dongdaemun tarix va madaniyat bog‘i metro bekati, 5-chiqish
Bundan tashqari, @huquqiyyordamuzbot telegram boti orqali ham bog‘lanish mumkin.