Maqola

292 15/01/2025

Poyga deganda ko‘z oldingizga kuchli sport avtomobillari, dvigatellar shovqini va g‘aroyib manevrlar esga tushadi. Ammo Moskva viloyatining Krasnogorsk shahrida hamma narsa butunlay boshqacha bo‘lib chiqdi. Bu yerda poyga avtomobili rolini… traktor o‘ynab berdi. Ha, siz to‘g‘ri eshitdingiz – oddiy traktor yo‘l politsiyasi xodimlari bilan haqiqiy poyga uyushtirdi.

Agar bu ko‘rinishlar kinoga olinsa, uncha-muncha poyga haqidagi filmning bezagi bo‘lardi. Ommaviy axborot vositalari tomonidan e’lon qilingan kadrlarda “traktorchi-poygachi”ning yo‘l bo‘ylab shovqin-suron bilan ketayotgani aks etgan. Ammo kuchlar teng emasligini anglab, u bolalar maydonchasiga bostirib kirishga qaror qiladi. Ehtimol, haydovchi bolaligini eslab qolgan yoki shunchaki traktorni odatdan tashqari yo‘llarda sinab ko‘rishga qaror qilgan, shekilli.

Avvaliga quvayotgan va bekorchi tomoshabinlar traktor o‘g‘irlangan deb o‘ylashgan. Ammo yo‘q, bizning poygachimiz traktorning qonuniy haydovchisi bo‘lib chiqdi. Ertasi kuni Ichki ishlar vazirligi vakili Irina Volk haydovchi qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Aniqlanishicha, «poyga» traktorini Markaziy osiyolik o‘zimizning qorako‘zlardan biri boshqargan ekan.

So‘roq paytida “poygachi” hujjatlarini uyida qoldirgani uchun polisiya tomonidan to‘xtatilishi uning vahimaga tushishiga sabab bo‘lganini aytgan. To‘g‘ri-da, agar hujjatlaringiz bo‘lmasa va polisiya to‘xtatmoqchi bo‘lsa nima qilasiz? Albatta, ajoyib poyga uyushtirasiz! Muhojir polisiyaga bergan «intervyu»sida o‘zbek tilida gapirgan.

Ushbu «yil poygasi» qanday yakunlandi? Jazolar haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, ammo taxmin qilish mumkinki, endi ushbu traktorchi hujjatlariga diqqatliroq bo‘ladi. Agar «deport» bo‘lib ketmasa…

Boshqalarga ham maslahatimiz: uydan chiqishdan oldin hujjatlaringizni yaxshilab tekshirib yo‘lga chiqing.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya