
Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov chet el fuqarolariga kuryerlik faoliyatini taqiqlovchi farmonni imzolagan edi. Cheklov oziq-ovqat, tovarlar va yozishmalarni har qanday transport vositasida yetkazib berishga taalluqli. U uch oydan keyin kuchga kiradi, shunda korxonalar moslashishga ulguradi. Shahar avvalroq migrantlarning taksi sohasida ishlashini ham taqiqlagan edi.
Petrostat ma’lumotlariga ko‘ra, Sankt-Peterburgda 14 mingdan ortiq kuryerlar bo‘lib, ulardan 3,6 mingga yaqini patent asosida ishlayotgan muhojirlardir. Rasmiylar ularning bozordagi ulushi kichik va sezilarli tanqislik bo‘lmaydi, deb ishontirmoqda. Biroq, yetkazib berish kompaniyalari vakillari xodimlarning kamayishi va xizmatlar narxining oshishi haqida ogohlantirmoqda. Yandeks ishchilar yetishmasligi 40 ming kishiga yetishi mumkinligini va yetkazib berish narxi bir yarim-ikki baravar oshishini taxmin qilmoqda.
Mehnat muhojirlari kasaba uyushmasi raisi Renat Karimovning fikricha, rossiyaliklar, jumladan, talabalar va maktab o‘quvchilari xorijlik kuryerlarning o‘rnini bosa oladi. U yoshlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida ishga joylashishning eng kam yoshini 16 yoshdan 15 yoshgacha kamaytirishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yetkazib berishda ishidan ayrilgan migrantlar ishchilar yetishmasligi keskin kuzatilayotgan qurilish ob’yektlarida ish topishlari mumkin bo‘ladi.
Haydovchilarning ta’kidlashicha, taksilarning taqiqlanishi allaqachon yo‘lkira narxining 40 foizga oshishiga olib keldi. Mutaxassislar yaqin kelajakda yetkazib berish ham qimmatlashishini va uning tezligi pasayishini istisno qilmaydi. Sankt-Peterburg rasmiylari vaziyatni kuzatib borishlarini va kerak bo‘lsa, qarorga tuzatish kiritishlarini aytmoqda.