Maqola

140 21/08/2024

2024-yil 19-avgustda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining “Rossiyaning an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarga gumanitar yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi №702-sonli Farmoni e’lon qilindi.

Ushbu Farmonga muvofiq, Rossiyaning an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlariga zid bo‘lgan vayronkor neoliberal mafkuraviy qarashlarni ma’jburiy tarzda amalga oshiradigan davlatlar fuqarolari kvotadan tashqari vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Farmonning 4-bandiga ko’ra vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi viza bilan Rossiyaga keladigan mamlakatlar fuqarolariga beriladi.

Bunday davlatlar ro‘yxatini Tashqi ishlar vazirligi bir oy ichida ishlab chiqadi, Rossiya Federatsiyasi Hukumati esa tasdiqlaydi.

Ro‘yxatga kirgan davlatlarning fuqarolari vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini olish uchun rus tilini bilish, Rossiya tarixi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi asoslarini bilishlarini imtihon orqali tasdiqlashi talab etilmaydi.

Vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga avval uch oy muddatga bir martalik oddiy xususiy vizalar beriladi. Fuqarolar viza bilan kelganidan so‘ng vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini rasmiylashtirishlari mumkinligi Farmonda belgilangan.

Xulosa qilish mumkinki, ushbu Farmon MDH fuqarolariga tegishli emas. Chunki Turkmanistondan tashqari barcha MDH fuqarolari Rossiyaga vizasiz tartibda kelishadi. Farmonda esa aynan vizali davlatlar deb alohida ta’kidlangan. Qolaversa, MDH mamlakatlari hozirgi kunda Rossiya tomonidan “vayronkor neoliberal mafkuraviy qarashlar”ni ilgari suradigan davlatlar sifatida ko’rilmaydi.

Ushbu Farmon 2024-yil 1-sentyabrdan kuchga kiradi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya