
19-iyul kuni Leningrad viloyatining Vartemyagi qishlog‘ida fojia yuz berdi: qurilish maydonchasida beton plitalar bosib qolishi natijasida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, yana biri jarohatlandi.
Voqea taxminan soat 16:15 da “Yujniy” nomli massivda gazobeton bloklardan qurilgan ikki qavatli uy qurilishi vaqtida yuz bergan. Qulash vaqtida ishchilar ikkinchi qavatda bo‘lgan.
61 va 43 yoshli O‘zbekiston fuqarolari voqea joyida halok bo‘lgan. Ularning yana bir vatandoshi, 37 yoshli erkak jarohat olgan. U shifoxonaga yetkazilgan, ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.
Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, muhojirlar rasman ishlamagan, baxtsiz hodisaning o‘zi esa ish vaqtidan tashqari sodir bo‘lgan. 20-iyul kuni Tergov qo‘mitasi tomonidan “Ehtiyotsizlikdan ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergovchilar fojia sabablarini o‘rganmoqda.


