Maqola

229 28/10/2024

Huquq-tartibot idoralari Lipetsk koloniyasidan qochib ketgan beshinchi mahkumni ham qo‘lga olgani xabar berilmoqda. U Petrovskoye qishlog‘ida yashirinib yurgan ekan. Qo‘lga olingan shaxs hududiy politsiya bo‘limiga olib borilgan. Oltinchi qochib ketgan shaxsni qidirish davom etmoqda, deb xabar bermoqda Rossiya IIV vakili Irina Volk.

“РБК” nashrining xabar berishicha, beshinchi mahkum Tambov viloyatida qo‘lga olingan.

Rossiya IIV maxsus vakili tomonidan e’lon qilingan videoda qo‘lga olingan mahkumlardan biri, ikki qochoq Moskva viloyatiga yo‘l olgani, qolganlari esa Tambov viloyati va Qozog‘iston orqali uyiga qaytishga harakat qilganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 26-oktabr kuni Lipetsk koloniyasidan markaziy osiyolik olti nafar mahkum qochib ketgani ma’lum bo‘ldi. O’sha kuniyoq ikki qochoq Tambov viloyatida, yana ikki kishi esa Lipetskda qo‘lga olingan edi.

Rossiya Tergov qo’mitasining mahalliy boshqarmasi mahkumlar 25-oktabr kuni kechqurun qochib ketganini ma’lum qildi.

Lipetsk «ФСИН» boshqarmasi qochish uchun yer osti yo‘li – tunnel qazilganini va u qamoqxona xodimlari tomonidan hududni aylanib chiqish paytida aniqlanganini bildirgan. Shundan so‘ng mahkumlar soni qayta sanalib, olti kishi kam ekanligi aniqlangan.

“Baza” telegram-kanalining ma’lumotlariga ko‘ra, mahkumlar ikki yer osti yo‘lini qazigan, ulardan biri 37 metrlik tunnel bo’lgan. Birinchi tunnel tashlandiq bo‘limdagi chuqurlikdan boshlanib, ichki qo‘riqlash hududiga olib borgan. Ikkinchi tunnel esa 65 metr uzunlikda bo‘lib, mahkumlar aynan shu yo‘ldan qochgan, deb xabar bergan “Mash” telegram-kanali.

Vaziyat yuzasidan Rossiya Tergov Qo‘mitasi koloniya xodimlarining beparvoligi bo‘yicha jinoiy ish ochgan.
Rossiya Bosh prokuraturasi koloniyalardan qochishlar sababli “ФСИН” rahbariga taqdimnoma kiritdi.

«ФСИН» qochish holati yuzasidan xizmat tekshiruvini o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Idoraning qayd etishicha, voqea aybdorlari albatta jazoga tortiladi.

Ta’kidlash kerakki, qamoqxonadan qochishga uringan mahkumlar Rossiya JK 313-moddasiga ko‘ra besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil davomida Rossiyadagi koloniya va tergov izolyatorlarida jamoatchilikka jiddiy ta’sir ko‘rsatgan bir necha shov-shuvli voqealar sodir bo‘ldi.

Masalan, 16-iyun kuni olti mahkum Rostov tergov izolyatorining ikki xodimini garovga olgan. Keyin 23- avgustda Volgograd viloyatidagi 19-koloniyada bir necha markaziy osiyolik mahkumlar qamoqxona xodimlarini garovga olgan edi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya