Maqola

382 26/10/2024

Lipetsk viloyatida olti mahkum koloniyadan qochib ketdi, deb xabar bermoqda viloyat gubernatori Igor Artamonov o‘zining telegram kanalida.

«Olti mahkum 2-sonli jazoni ijro etish koloniyasidan qochgan. Hozirda barcha operativ xizmatlar ularni qidirishga yo‘naltirilgan, idoralararo guruh ishlamoqda. Lipetsk viloyati “ФСИН” boshqarmasi, Rossiya IIV viloyat boshqarmasi, Rosgvardiya va Xavfsizlik xizmati hamkorlikda jinoyatchilarni qidirish va ushlash bo‘yicha zarur tadbirlarni tashkil etmoqda», deydi gubernator.

Viloyat “ФСИН” boshqarmasi rasmiy bayonotida koloniya xodimlari qamoq hududini ertalabki tekshiruv vaqtida ko‘zdan kechirish paytida tunnel topgani, so‘ngra mahkumlar soni hisoblanganida olti kishi yetishmayotganini aniqlagani haqida xabar qildi.

Telegram kanallari va REN TV ma’lumotlariga ko‘ra, mahkumlar uzunligi 65 metr bo‘lgan tunnel qazib, u orqali qamoqdan qochib ketishgan. Qochganlarning ikki nafari Tambov viloyatida qo‘lga olingani haqida “Mash” telegram kanali yozgan.

Ushlangan mahkumlar ko‘chada hujjatsiz bo’lgani uchun oddiy tekshiruv vaqtida topilgani, sport kostyumlariga kiyimida bo’lishgani va bu kiyimlarni ehtimol sheriklari avvaldan tayyorlab qo‘ygani xabar berildi.

“Baza” kanalining ma’lumotiga ko‘ra esa, qochoq mahkumlar qamoqxona kiyimida bo‘lgan va qo‘lga olinganda qarshilik ko‘rsatgan. Kanalning xabar berishicha, qo‘lga olinganlar 28 yoshli Baxtiyor Jumayev va 19 yoshli Xurshidbek G‘aniyevlar, ularning ikkisi ham O‘zbekiston fuqarolari.

“ФСИН” saytida qochgan mahkumlarning ismi aniqlashtirilmagan, ammo boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, ularning barchasi Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari.

Hozirda qolgan mahkumlar Lipetsk, Tambov, Voronej va boshqa shaharlarda qidirilayotgani ma’lum.

“ФСИН” boshqarmasi koloniyada xizmat tekshiruvi tayinlangani haqida xabar bergan.

«112» va “Mash” telegram kanallari qochganlar haqida norasmiy ma’lumot e’lon qildi. Kanallarning ma’lumotiga ko’ra qochganlar:
• Davron Jabborov, 1997-yilda tug‘ilgan, tojikistonlik, nomusga tegish uchun sudlangan.
• Dilshod Arslonov, 1996-yilda tug‘ilgan, o‘zbekistonlik, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilgani uchun sudlangan.
• To‘rg‘un Abdullayev, 1997-yilda tug‘ilgan, o‘zbekistonlik, nomusga tegish uchun sudlangan.
• Xurshidbek G‘aniyev, 2005-yilda tug‘ilgan, o‘zbekistonlik, giyohvand moddalar tarqatgani uchun sudlangan.
• Parvozbek Turaboyev, 2005-yilda tug‘ilgan, o‘zbekistonlik, giyohvand moddalar tarqatgani uchun sudlangan.
• Baxtiyor Jumayev, 1996-yilda tug‘ilgan, nomusga tegish uchun sudlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Volgograddagi 19-sonli koloniyada jazo o‘tayotgan Markaziy Osiyo fuqarolari qo‘zg‘olon ko‘tarib, qamoqxona xodimlarini garovga olgan edi. O‘shanda OAVlar garovga oluvchilar orasida O‘zbekistonning ikkita fuqarosi bor, deb xabar qilgandi. Biroq keyinroq rasmiy manbalar orqali aslida garovga oluvchilar orasida faqat bir nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Shu tariqa ijtimoiy tarmoqlarda koloniya xodimlarini garovga olish bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan O‘zbekistonning boshqa fuqarosi haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatilgan edi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya