410 08/05/2026

O‘zbekiston va Rossiya bilan vizasiz rejimga ega bo‘lgan boshqa mamlakatlar fuqarolari Rossiyada avtomobil sotib olishi mumkin. Asosiy talab hujjatlar – patent, RVP yoki VNJ belgilangan tartibda bo‘lishi kerak.

Ko‘pgina migrantlar uchun avtomobil tirikchilik manbai, beminnat yordamchi hisoblanadi. Biroq, rasmiylashtirish qoidalari va unga ketadigan xarajatlarni ham bilib qo‘yish lozim. Unga beparvo bo‘lish jarimalar va yo‘l harakati politsiyasi bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin.

Qaysi hujjatlar kerak?

Ishlatilgan avtomobil sotib olish uchun odatda quyidagilar talab qilinadi:

pasport;
migratsiya kartasi;
patent, “РВП” yoki “ВНЖ”;
ПТС (transport vositasining pasporti);
sotib olish shartnomasi (uch nusxada);
majburiy avtomobil sug‘urtasi (ОСАГО);
agar avtomobil ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshgan bo‘lsa, diagnostik karta ham kerak.

Agar siz salondan yangi avtomobil sotib olsangiz, sizdan schyot-faktura va turmush o‘rtog‘ingizning roziligi ham so‘ralishi mumkin.

Avtomobil sotib olganingizdan so‘ng, uni 10 kun ichida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasida (ГИБДД) ro‘yxatdan o‘tkazishingiz kerak.

Buni qilmaslik 5000 rublgacha jarimaga olib keladi. Ba’zi hollarda avtomobil jarima maydonchasiga olib ketilishi mumkin.

Qancha to‘lov bo‘ladi?

2026-yilda transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari taxminan quyidagicha:

ГИБДД davlat boji: taxminan 1350 rubl;
ОСАГО sug‘urtasi: 5000 dan 15000 rublgacha;
Utilizatsiya yig‘imi (utilsbor): taxminan 3400 dan 5200 rublgacha;
Transport solig‘i: yiliga 2000 dan 10 000 rublgacha.

Miqdori mintaqaga, dvigatel quvvatiga va haydash tajribasiga bog‘liq.

Ko‘pchilik ОСАГО’ni o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tkazishni unutadi. Busiz mashina ro‘yxatga qo‘yilmaydi.

Soliq organlari noqonuniy avtomobil savdosi sxemalarini sinchkovlik bilan tekshirishni boshladi. Soxta bitimlar uchun 1 million rublgacha jarima to‘lash xavfi bor.

Advokatlar transport vositasini sotib olishdan oldin garov yo‘qligiga ishonch hosil qilish, kreditlar, cheklovlar hamda hujjat bilan bog‘liq muammolar yo‘qligini bilish uchun Davlat yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi (ГИБДД) ma’lumotlar bazasi bilan tekshirishni maslahat berishadi.

Esda tutish kerak bo‘lgan muhim narsalar:

Agar siz xususiy shaxsdan 600 000 rubldan ortiqqa avtomobil sotib olsangiz, bitim soliq organlarining e’tiborini jalb qilishi mumkin. Va agar summa 1 million rubldan oshsa, uni notarius orqali ro‘yxatdan o‘tkazish yaxshiroq.

Mutaxassislar avtomobilni ishonchnoma orqali sotib olmaslikni yoki uni begona odam nomiga ro‘yxatdan o‘tkazishga rozilik bermaslikni maslahat berishadi. Aks holda keyinchalik avtomobilga egalik huquqini isbotlash juda qiyin bo‘lishi mumkin.

Ijara firibgarligi: 5 qiz bir kechada ko‘chada qoldi

Navigatsiya