
Bir necha kun oldin tojikistonlik muhojir Moskvada yonayotgan mashinani o‘chirgani ijtimoiy tarmoqda tarqalib ketgan edi. E’lon qilingan videoda uning yo‘lda suv tashuvchi mashinasini to‘xtatib, yonayotgan mashinadagi yong‘inni o‘chirayotgani aks etgan. Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uning bu harakatini olqishladi.
«Azia-Plyus» muxbirlari xabar berishicha, bu yigit – Otabek Madrahimov asli Tursunzoda shahridan. U 27 yoshda, Ayniy nomidagi pedagogika universitetining tibbiyot fakultetini tamomlagan. U bir yil o‘zi o‘qigan maktabda biologiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan, lekin maoshi kamligi va moddiy qiyinchiliklar tufayli Rossiyaga jo‘nab ketdi.
Otabek uch yildan beri Rossiyada mehnat muhojiri sifatida ishlaydi. U Moskvadagi “Xoroshevo-Mnevniki” kommunal xizmat muassasasida suv tashuvchi haydovchi bo‘lib mehnat qiladi. Bundan oldin avtomobillarni yuvish shoxobchasida ham ishlagan.
Otabekning so‘zlariga ko‘ra, mashina yonayotganini ko‘rib, hech ikkilanmay yordamga shoshilgan.
«Men mashinamga o‘tirib o‘sha tomonga qarab yurdim, lekin mashinalar yo‘limni to‘sib qo‘ygani uchun bir-ikki daqiqa kechikdim. Mashinaning old qismi allaqachon yonib ketgan, alanga esa benzin bakiga yaqin edi. «Tezda shlangni ulab, suvni ochdim», – deydi Otabek.
Yigitning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga uni qo‘rquv bosgan, chunki yong‘in benzin bakiga yaqinlashayotgan va mashinaning portlash ehtimoli yuqori edi. Ammo tezda chora ko‘rish kerakligini o‘ylaganidan u qo‘rquvini yengdi.
«Men insoniy burchimni bajardim, mashinada kimdir, ayniqsa, bola bo‘lishi mumkin, deb o‘yladim. Keyin muhojirlar yomon niyatli yoki jinoyatchi emasligini isbotlamoqchi edim», – deydi Otabek.
Bu voqeadan so‘ng ko‘pchilik Otabek Madrahimovga minnatdorchilik bildirgan, biroq uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rasmiylari uni qidirishga urinib ham ko‘rmagan, Rossiya matbuoti ham uning qahramonligi haqida xabar bermagan. Faqat Tojikiston Mehnat, migratsiya va aholi bandligi vazirligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi yigitga tashakkurnoma topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, Tojikiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari fuqarolari tomonidan zarracha bo‘lsa ham qoida buzilishi holatlari haqida xabar beradigan Rossiya OAVlari ko‘pincha ular qilayotgan xayrli ishlarni yoritishdan o‘zini tiyadi.