
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudida Rossiya Federatsiyasi hududida jazo o‘tayotgan vaqtida yollanib, qo‘shni davlatdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan hukm e’lon qilindi.
Va’da qilingan millionlar va ozodlik
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2001-yilda tug‘ilgan S.B. 2021-yilda ishlash maqsadida Moskvaga borgan. Biroq, 2023-yil oktyabr oyida Rossiya sudi tomonidan giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Lipetsk viloyatidagi IK-6 jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan vaqtida, 2025-yilning iyun oyida unga RF Mudofaa vazirligi xodimlari tomonidan «maxsus taklif» berilgan.
Unga Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish evaziga jazodan ozod etish, Rossiya fuqaroligi, uy-joy va 1 500 000 rubl miqdorida pul va’da qilingan. Moddiy manfaatdorlik ilinjida o‘zbekistonlik mahbus yigit 2025-yil 30-iyul kuni bir yillik shartnomaga qo‘l qo‘yib, oddiy askar sifatida harbiy xizmatga qabul qilingan.
Baxtsiz hodisa va qochish
S.B. 2025-yil 1-avgustdan boshlab Lugansk shahrida harbiy tayyorgarlikdan o‘ta boshlagan. Ammo uning «harbiy faoliyati» uzoqqa cho‘zilmadi. 3-sentyabr kuni o‘quv mashg‘uloti vaqtida uloqtirilgan granata devorga tegib, o‘z yaqinida portlashi natijasida u chap oyog‘idan og‘ir jarohat olgan.
Harbiy gospitalda davolanayotgan S.B. 2025-yil 7-oktyabr kuni armanistonlik tanishi yordamida qochishga muvaffaq bo‘lgan. U Moskva orqali 10-noyabr kuni Samarqandga qaytib kelgan.
Sud qarori
Sud majlisida S.B. o‘z qilmishiga to‘liq iqror bo‘lib, pushaymonligini bildirdi. Sud uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topdi.
Jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va ayblanuvchining shaxsi hisobga olinib, unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Endilikda u Jomboy tumanidagi yashash xonadonida nazorat ostida bo‘ladi va ma’lum cheklovlarga amal qilishi lozim bo‘ladi.
So‘nggi yillarda xorijda, ayniqsa, Rossiya Federatsiyasida turli va’dalar bilan muhojirlarni jangovar harakatlarga jalb qilish holatlari uchramoqda. Bunday takliflar ortida katta xavf va huquqiy oqibatlar mavjud bo‘lib, bunday xatti-harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.