868 21/06/2025

Novosibirsk viloyatida o‘zbekistonlik muhojir Ilhom Turdiyev onasidan yodgorlik bo‘lib qolgan tumor tufayli jazoga tortiladi. U 2024-yil dekabr oyida Rossiyaga kirayotgan vaqtida “Pavlovka” nazorat-o‘tkazish punktida qo‘lga olingan. Uning yuk mashinasidan ichiga isiriq solingan tumor topilgan. “O‘ta sergak” rus bojxonachilari O‘zbekistonda dorivor vositasi sifatida tez-tez ishlatiladigan o‘simlikni narkotik modda sifatida rasmiylashtirishdi.

Ilhomning sudga aytishicha, uch yil oldin marhum onasi unga bu tumorni bergan. U onasidan yodgorlik sifatida har doim o‘zi bilan olib yurgan. U Rossiyaga kelayotganda bu o‘simlik bu mamlakatda taqiqlangan deb o‘ylamagan.

Sud uni aybdor deb topdi. Ilhomning o‘zi aybiga to‘liq iqror bo‘lib, vaziyatni tushuntirib, qonunni ataylab buzmaganini aytsa-da, unga 1 yil-u 10 oy qamoq jazosi tayinlandi. U jazoni umumiy rejimdagi koloniyada o‘taydi.

Hukm hali kuchga kirmagan – apellyasiya arizasi berilishi mumkin.

Isiriq Markaziy Osiyo xalqlari hayotida muhim rol o‘ynagan o‘simliklardan. Ammo Rossiyada bu taqiqlangan moddadir. Bir chimdim isiriq ham jinoiy ish ochilishiga olib kelishi mumkin. Turdiyev tumorni yashirmadi, sotmadi, shunchaki onasidan xotira sifatida olib yurgani ham uning qamoqqa tushishu uchun yetarli bo‘ldi.

Aziz muhojir hamyurtlar, ehtiyot bo‘ling. Vataningizda ruxsat etilgan narsalar, ayniqsa, dori-darmon, o‘simliklar boshqa mamlakatda taqiqlangan bo‘lishi mumkin. Nimani olib kirish mumkin va nima mumkin emasligini oldindan bilib olish o‘zingiz uchun bexavotir bo‘ladi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya