
Rossiyada haydovchi, sotuvchi yoki tibbiyot xodimi sifatida ishlamoqchi bo‘lgan migrantlar rus tili, tarixi va Rossiya qonunlari bo‘yicha imtihon topshirishlari kerak bo‘ladi. Ular bu majburiyatdan ozod etilmaydi. Bu haqda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Andrey Pudov Davlat Dumasining Mehnat va ijtimoiy siyosat bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Bungacha, 17-aprel kuni Davlat Dumasi maxsus hukumat kvotalari bo‘yicha kelgan muhojirlarga ushbu imtihonlardan o‘tmaslikka ruxsat berilishi mumkin bo‘lgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ma’qullagan edi. Ammo Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin bunga qarshi chiqdi. Uning so’zlariga ko’ra, ular imtihonlarni olib tashlamoqchi bo’lgan kasblar ro’yxatiga rus tilini bilish ayniqsa muhim bo’lgan kasblar kiradi – masalan, bu sotuvchilar, haydovchilar va shifokorlarga tegishli.
Natijada, ushbu qonun bo’yicha qaror chiqarish keyingi haftaga qoldirilgan edi. Bu vaqt ichida Mehnat vazirligi kasblar ro’yxatini o’zgartirishi kerak edi. Andrey Pudovning tushuntirishicha, Mehnat vazirligi ikkita yangi buyruq chiqarishni taklif qildi. Birinchisi, shifokorlarni Rossiyada kvotasiz ishlashga ruxsat berilgan migrantlar ro‘yxatidan chiqarish. Ikkinchisi, hududlarga kvotalarda odamlar bilan ko’p muloqot qilishni talab qiladigan bo’sh ish o’rinlarini ko’rsatishni taqiqlash edi. Bu haydovchilar, nooziq-ovqat tovarlari sotuvchilari va tibbiyot xodimlariga tegishli.
Hozirda ishlashga ruxsat olish uchun murojaat qilgan barcha migrantlar rus tili, tarixi va Rossiya qonunlarini bilishi to‘g‘risidagi guvohnoma taqdim etishlari shart. Yangi qonun loyihasida Rossiyaga hukumat kvotasi boʻyicha kelganlar uchun ushbu qoidani bekor qilish taklif qilingan.
Ilm-fan va oliy taʼlim vaziri oʻrinbosari Konstantin Mogilevskiy avvalroq bu oz sonli muhojirlarga tegishli ekanligini tushuntirgan edi. Bular asosan kirish viza talab qilinadigan mamlakatlardan, masalan, Hindiston va Xitoydan kelgan odamlardir. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, ular Rossiyadagi mehnat muhojirlarining qariyb toʻrt foizini tashkil qiladi.