
Joriy yilning 6 oyi davomida rahbariyat tomonidan sobiq xodimlarga nisbatan “podyomniy” pullari va malaka oshirish sifatida berilgan mablag‘larni qaytarish talabi bilan 50 dan ortiq da’vo arizasi kiritildi. Sud allaqachon 19 ishni ko‘rib chiqdi va xodimlar deyarli 300 000 rublni zavodga qaytarishi haqida hukm chiqardi.
Ilgari, ishga qabul qilinganda, ishchilarga 100 000 rubl maosh va oddiy jadval – haftasiga besh kun, kuniga sakkiz soatlik ish va’da qilingan. Ammo, aslida, sobiq xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, ular haftada yetti kun – har kuni 12 soat ishlagan taqdirdagina va’da qilingan maoshni olishi aytilgan.
Yangi xodimlarga, garchi ular bajargan ish ko‘pincha ko‘proq tajriba talab qilsa ham to‘rtinchi razryad berilgan. Ishga qabul qilingandan so‘ng, har bir xodim kamida bir yil ishlash majburiyatini olgan shartnoma imzolagan. Buning evaziga zavod uy-joy, o‘qitish uchun pul to‘laydi va 12 000 dan 30 000 rublgach «podyomniy» pulini bergan. Agar xodim muddatidan oldin ishdan bo‘shagan bo‘lsa, pulni qaytarish shart qilingan.
Ayrim muhojirlar og‘ir sharoitlarga chiday olmay, shartnoma tuzmasdan ketib qolgan.
AvtoVAZ 2023-yilning bahorida chet ellik ishchilarni olib kela boshladi. Hozirda zavod intizom va xarajatlar ustidan nazoratni kuchaytirdi va kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, sud jarayonlari yangi kadrlar siyosatining bir qismiga aylangan.
Yozda vaziyat yomonlashdi: ishchilar yangi shartnomalar imzolashga va qisqaroq ish haftasiga o‘tishga majbur bo‘lishdi. Natijada, bonuslar va qo‘shimcha ish haqi yo‘qoldi va daromadlar deyarli yarmiga kamaydi.
Ilgari ishchilar 100-120 000 rubl maosh olgan bo‘lsa, hozir ko‘pchilik 45-50 000 rubl oladi.
Ishdan bo‘shatishni kutmasdan, ba’zi xodimlar ta’til paytida boshqa ish qidirishni boshladi. Qaytib kelgach, o‘nlab odamlar ishdan ketish to‘g‘risida ariza bergan. AvtoVAZning ko‘plab sobiq xodimlari hozirda taksi, kuryerlik xizmatlari, savdo yoki mudofaa sanoati kompaniyalarida ishlamoqda.