Novosibirskda so’nggi bir necha kun davomida Xilok bozorini savdogar migrantlar ommaviy ravishda tark etmoqda. Bozor rahbariyati vahimada, mahalliy aholi nima bo‘layotganini tushunmay hayratda. Novosibirskdagi bozorda nima bo’lmoqda va migrant-savdogarlarning ketishi nima uchun biznesni vahimaga solayapti?
Bir necha kun ichida mashhur Xilok bozori bo’shab qoldi. Markaziy Osiyodan kelgan savdogarlar tez va ommaviy ravishda Verx-Tulaga, «Osiyo-Sibir» ulgurji markazi hududidagi yangi maydonga ko’chmoqda. Migrant savdogarlarning to’satdan ko’chishi aholi orasida tushunmovchilik va biznesda vahima uyg’otdi. Uzoq vaqt davomida bozor rahbariyati bo’layotgan voqealarni sharhlashdan bosh tortib kelayotgandi. Ammo bozor deyarli butunlay bo’shab qolganidan so’ng, bozor rahbariyatidan izoh paydo bo’ldi.
Xilok bozori savdogarlari o’z joylarini nafaqat bozordagi o’zgarishlar, balki tahdidlar tufayli ham tark etmoqda. Tadbirkorlar ochiq gapirishdan qo’rqmoqda, chunki ularga bosim va tahdid kuchaygan. Bu haqda Xilok bozori direktori Dmitriy Zyablov Sib.fm saytiga ma’lum qildi.
Bozor direktorining so’zlariga ko’ra, savdogarlar qo’rqitilayotgani, tahdid qiluvchi qo’ng’iroqlar, hattoki muhojir savdogarlarning vatanlaridagi qarindoshlariga tahdidlar kelayotgan holatlar ma’lum. Zyablov tadbirkorlarga huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishni taklif qilgan, biroq ular qo’rquv va harakat qilishni xohlamaslik tufayli hech qayerga murojaat qilishmagan.
Bundan tashqari, ayrim o’zbekistonlik tadbirkorlar «xavfsizlik masalalari» sabab umuman Novosibirskka kelib, savdo qilishdan bosh tortishni boshlashgani ma’lum qilindi.
Savdogarlarning ommaviy ketib qolishining rasmiy sabablari hali noma’lum. Biroq avvalroq mahalliy aholi bozorning migrantlarga to‘lganidan tinimsiz shikoyat qilishi oqibatida bozorda doimiy tekshiruvlar o’tkazilar edi. Tekshiruvlar migrantlarni shu darajada bezdirib qo’ydiki, o’z navbatida ular ham ishlay olmayotgani haqida Novosibirsk shahri ma’muriyati va O’zbekiston rahbariyatiga shikoyat qilgan edi.
Shundan so’ng, O’zbekiston va Novosibirsk delegatsiyalari o’rtasida bir necha bor uchrashuvlar o’tkazildi. Bu uchrashuvlar va yangi kelishuvlarning natijasida «Osiyo-Sibir» bozori joriy qilindi. Ushbu bozor Markaziy Osiyodan Sibirga mahsulotlarni markazlashgan holda yetkazib berish uchun tashkil etildi. Bundan tashqari, bu yerda O’zbekistondan kelgan savdogarlarga xavfsizlik kafolatlandi. Kelishuvga rioya qilib, o’zbekistonlik tadbirkorlar yangi joyga ko’cha boshladilar.
Bozor savdogarlarini himoya qilish va aholi shikoyatlarini hal qilish uchun hech qanday chorani ko’rmagan Xilok bozori rahbariyati endi vahima ichida yangi ijarachilarni qidirmoqda. Lekin bu bozorda ishlashni xohlovchi savdogarlar deyarli yo’q.
Mahalliy aholi esa biroz dovdirab qolgan, lekin xursand. Bu haqda jamoat faoli Mixail Mixaylov ma’lum qildi. «Hozircha odamlar vahimada va nima bo’layotganini to’liq tushunishmayapti. Ammo xursandchilik bor. Ko’pchilik 30 yillik bu katta tizimni, shahar tanasidagi saraton o’smasi kabi turgan bozorni yig’ishtirishlariga shunchaki ishonishmasdi,» – deydi Mixaylov.
«Har kecha refrijeratorlar ishlardi, shovqin bo‘lardi, yuk mashinalari yo’llarni to’ldirardi, bozor atrofida esa savdogarlar, haydovchilar, ekspeditorlar joylashib olishgandi. Noqonuniy yarmarkalar, kafelar, xostellar paydo bo’lgandi. Endi ularning soni kamayadi,» deb tushuntirdi jamoat faoli.