642 23/06/2025

2025-yilning yanvar-may oylarida Rossiya byudjetiga chet elliklar ishlash uchun ruxsatnoma sotib olganida to‘lanadigan (NDFL) shaxsiy daromad solig‘i shaklida 63 milliard rubl tushgan. Bu haqda Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi migratsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakova ma’lum qilgan.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu miqdor 2024-yilning dastlabki besh oyidagi ko‘rsatkichdan 35 foizga ko‘pdir. O‘tgan yili migrantlar g‘aznaga 124 milliard rubl o‘tkazgan, bu taxminan 1,6 milliard dollarga teng.

Kazakovaning ta’kidlashicha, bu mablag‘lar xorijliklar har oy ishlash uchun ruxsatnoma olganlarida to‘laydigan avans to‘lovlaridir. Pul bevosita viloyat byudjetlariga tushadi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Rossiyada 3 millionga yaqin chet el fuqarolari mehnat qilmoqda.
Ulardan 800 ming kishi qurilishda, 350 ming kishi savdo va sanoat, 193 ming logistika va saqlash hamda 63 ming kishi qishloq xo‘jaligi sohalarida mehnat qiladi.

2024-yilda mamlakatga 6,3 million xorijlik keldi – bu ko‘rsatkichlar pandemiyadan oldingi darajaga qaytdi. Taxminan yarmi tashrif maqsadi sifatida ishlash uchun kelganini ko‘rsatgan.

Biroq, Rossiya Federatsiyasida noqonuniy bo‘lgan 700 mingga yaqin odamdan 157 ming nafari deportatsiya qilingan.

Eng ko‘p mehnat muhojirlari Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan:
O‘zbekiston – 23,3%,
Tojikiston – 16,7%,
Qirg‘iziston – 10,4%.

Kazakovaning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 800 mingga yaqin qoidabuzar qora ro‘yxatga kiritilgan. Fevral oyida 670 mingga yaqin edi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya