18-dekabrda nishonlanadigan Migrantlar kuni 2000-yilda BMT Bosh Assambleyasining Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan tashkil etilgan. Konvensiya 2003-yil 1-iyulda kuchga kirdi. Bu kun zamonaviy dunyoda milliardlab odamlarga ta’sir qiluvchi hodisa bo‘lmish migratsiya muhimligini eslatib turadi va barcha mamlakatlarda migrantlarning huquqlari hamda qadr-qimmatini himoya qilish zarurligini ta’kidlaydi.
Migrantlar kunining paydo bo‘lish tarixi
Migrantlar huquqlarini tan olish yo‘lidagi birinchi qadam 1990-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qabul qilinganida qo‘yildi. Mazkur hujjat migrantlar va ularning oila a’zolarining huquqiy himoyasini ta’minlash, kamsitish va ekspluatatsiyaga qarshi kurashishda muhim qadam bo‘ldi.
Xorijiy ishchi kuchining asosiy qabul qiluvchilari bo‘lgan mamlakatlarning hech biri Konvensiyani imzolamagan yoki ratifikatsiya qilmagan. Masalan, AQSH inson huquqlari bo‘yicha boshqa ko‘plab xalqaro shartnomalarni ham ratifikatsiya qilmagan.
Konvensiyani ratifikatsiya qilgan mamlakatlarning aksariyati Meksika, Marokash va Filippin kabi migrantlar kelib chiqqan mamlakatlardir.
2020-yil iyun holatiga ko‘ra konvensiyani atigi 55 ta davlat ratifikatsiya qilgan, xolos.
Migrantlar kuni aynan migratsiya nafaqat ijtimoiy va iqtisodiy zarurat, balki hurmat qilinishi va himoya qilinishi lozim bo‘lgan insoniy huquq ekanligini anglash vositasi sifatida belgilangan. Shu kuni migrantlar huquqlari, ularning tarixi va jamiyatga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi.
Migratsiya raqamlarda
2023-yil holatiga ko‘ra, dunyoda 281 milliondan ortiq muhojir istiqomat qiladi, bu butun dunyo aholisining 3,6% dan ortig‘ini tashkil qiladi. Bu raqamga mehnat muhojirlari ham, qochqinlar ham, mojarolar, iqtisodiy qiyinchiliklar yoki tabiiy ofatlar tufayli uylarini tark etishga majbur bo‘lgan odamlar ham kiradi.
2020-yilda 164 millionga yaqin odam o‘z vatanlaridan tashqarida ishlagan va bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etmoqda.
2022-yilda mehnat muhojirlari soni 167,7 million kishiga yetdi. 2013-yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 30 millionga ko‘paygan. Ma’lum bo‘lishicha, muhojirlarning 102,7 millioni erkaklar, 64,9 millioni ayollardir.
Shuni ta’kidlash kerakki, xalqaro migratsiya inson taraqqiyoti va iqtisodiy o‘sishda muhim rol o‘ynashda davom etmoqda. 2000-yildagi 128 milliard AQSH dollaridan 2022-yilda 831 milliard AQSH dollariga o‘sgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi buning dalilidir.
Nima uchun migratsiya muhim?
Migratsiya jo‘natuvchi va boradigan davlatlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega. Migrantlar ko‘pincha bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirish, madaniyatlar va g‘oyalar xilma-xilligini rivojlantirish orqali iqtisodiyotga hissa qo‘shadi.
Biroq, migrantlar kamsitish, ekspluatatsiya, ijtimoiy xizmatlar va huquqlardan yetarli darajada foydalana olmaslik kabi ko‘plab muammolarga duch kelmoqdalar, bu esa ularning huquqlarini himoya qilish va ularning holatlaridan xabardorlikni oshirish muhimligini ta’kidlaydi.
Migrantlar kuni kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha insonlarning huquqlarini hurmat qilish muhimligini eslatib turadi. Global o‘zgarishlar va o‘sib borayotgan migratsiya oqimlari sharoitida migrantlar huquqlarini mustahkamlash va inklyuziv jamiyat yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarur. Shundagina biz migratsiya tarixidan saboq olishimiz, fojialarning takrorlanmasligi, har bir inson xavfsiz va munosib yashash imkoniyatiga ega bo‘lgan kelajakni qurishimiz mumkin.
Bu kun nafaqat eslatma, balki barchamizni harakatga chaqirish – migrantlar nafaqat mehnatga layoqatli ishchi, balki hayotning to‘laqonli ishtirokchisi sifatida e’tirof etiladigan jamiyatni yaratishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonlik migrantlar ham yurtimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shishmoqda. O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda mamlakatga jo‘natilgan pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi 8,58 milliard AQSH dollarini tashkil qilgan. Ushbu mablag‘ning 68 foizi (taxminan 5,83 milliard dollar) Rossiya Federatsiyasidan yuborilgan.
2024-yilda pul o‘tkazmalari hajmining oshishi kuzatilmoqda. 2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonga o‘tkazilgan pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34,8 foizga oshib, 11,3 milliard dollarni tashkil etdi.