
Rossiya Ichki ishlar vazirligi chet el fuqarolarini ularning turgan joyini nazorat qilish uchun smartfonlar sotib olishga majbur qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Igor Zubov RBK bilan suhbatda aytib oʻtdi.
Mamlakatga kelayotgan har bir chet el fuqarosi, ayniqsa mehnat migranti yoki uzoq muddatga kelayotgan shaxs roʻyxatdan oʻtishda telefon sotib olishi shart boʻladi. Ushbu smartfonga migrantning shaxsiy elektron profili oʻrnatiladi, u politsiya xodimlariga geolokatsiya ma’lumotlarini avtomatik ravishda uzatib turishi hisobiga huquqni muhofaza qilish organlari har bir muhojirning qayerda ekanligini bilib turadi. Migrantlar bundan buyon bir aholi punktidan boshqasiga nazoratsiz koʻchib yoki yashash joylarini oʻzgartira olmaydi. Bundan tashqari, ushbu mobil ilova orqali migrantlar hujjatlarining amal qilish muddati tugayotgani haqida ogohlantiriladi yoki davlat organlariga kelish zaruriyati haqida xabardor qilinadi.
2025-yil sentyabrdan Moskva va Podmoskoveda «Amina» nomli mobil ilovani sinovdan oʻtkazish boshlangan. Bu ilova huquqni muhofaza qiluvchilarga shaxsning turgan joyini kuzatish imkonini beradi. Uni Rossiyaga vizasiz keladigan barcha voyaga yetgan migrantlar oʻrnatishlari shart. 2025-yil dekabrda 139 mingdan ortiq kishi «Amina» ilovasida ularning geolokatsiya ma’lumotlari boʻlmaganligi sababli migratsiya hisobidan chiqarildi.
Avvalroq Rossiyada noqonuniy migrantlar uchun nazorat qilinadigan shaxslar reyestri ham ishga tushgan edi. 2025-yil sentyabrga kelib ushbu roʻyxat qariyb 770 ming kishini tashkil etdi. Ushbu reyestrdagi chet el fuqarolariga turar joy va avtomobillar sotib olish, kreditlar olish, nikohni roʻyxatdan oʻtkazish va bolalarni maktabga rasmiylashtirish taqiqlanadi.